Toshkentlik qo‘shiqchi Sardor Milano (Sardor Ishmuxamedov) “Rossiya-1” kanali tashkil etgan “Glavnaya ssena” (“Asosiy sahna”) loyihasining nimchorak final bosqichiga chiqdi, deb xabar bermoqda “12news.uz”. Loyihaning bu bosqichida unga rossiyalik taniqli musiqiy prodyuser Konstantin Meladze ustozlik qiladi.
Qayd etilishicha, Sardor Ishmuxamedovning ijodiy yo‘li “Aladdin” bolalar studiyasida (Toshkent) boshlangan. So‘ngra u fortepiano bo‘yicha Teatr kollejida, 2010-yildan esa Gnesin nomidagi Moskva musiqa bilim yurtida tahsil olgan.Sardorning muvaffaqiyatli ishtiroklari uning ovozida buzilishlar sodir bo‘lishi bilan to‘xtab qolgandi. “Bir kuni men uyqudan turib, ovozim yo‘qolib qolganini sezdim”, −deydi Sardor.
U Moskvaga ko‘chib o‘tgach, deyarli noldan boshlab yana vokal bilan shug‘ullana boshladi. “Men kuylashni boshidan, beshta notadan o‘rganishni boshladim. Hozirda mening ovozim diapazoni 3,5 oktavani tashkil qilmoqda”, − deb ma’lum qilgan Sardor Ishmuxammedov.
Qo‘shiqchining qobiliyati xalqaro tanlovlarda munosib baholangan: Sardor 2004-yilda Qrim va Olmaotada bo‘lib o‘tgan xalqaro tanlovlar Gran-prisi sohibi, 2011-yilda Moskvadagi “Borodino-Xolle”da o‘tkazilgan “Novaya volna-2011” xalqaro tanlovining saralash bosqichining yarimfinalchisi, Rossiyada o‘tkazilgan “Yevrovideniye-2012” tanlovining finalchisi hisoblanadi. U, shuningdek, Alla Pugachyovaning “Faktor A” loyihasi saralash bosqichining finaliga chiqqan. 2013-yilda Vitebskda o‘tkazilgan “Slavyanskiy bazar” xalqaro festival-tanlovining diplomanti bo‘ldi.
Qo‘shiqchi yaqin yillarda AQSh borib, u yerda magistraturada musiqa bo‘yicha tahsil olishni rejalashtirilmoqda. U 10 yildan keyin esa, Rossiya Davlat Kreml saroyida uch kunlik konsert dasturlari taqdim qilishni orzu qiladi.
Izoh (0)