O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 21-fevral kuni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Surxondaryo viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasining raisi A. Ahmedov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Sh. Hayitov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov nutq so‘zlab, saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
Dasturda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlab, jamiyatda qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolat tamoyillarini ta’minlash, iqtisodiyotning ijtimoiy yo‘naltirilishini kuchaytirish, aholi turli ijtimoiy guruh va qatlamlarining turmush sifati va darajasini yanada oshirish kabi muhim vazifalar belgilangan. Ijtimoiy ahamiyatga molik fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida muammolarni hal qilishdagi ishtirokini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Denov tumani kengashi raisi A. Bo‘riyev, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi D. Mo‘minova, Termiz axborot texnologiyalari va maishiy xizmat kasb-hunar kolleji direktori O‘. Toshboyev va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, saylovchilarni O‘zbekiston taraqqiyoti va xalq farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Prezident saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Qashqadaryo viloyatidagi uchrashuvni esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug saylov komissiyasining raisi I. Jo‘rayev ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili A. Ahmedov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, jamiyatda adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlash, boshqaruvda ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini yechish yuzasidan qarorlar shakllantirish va qabul qilish jarayonida jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy loyiha va dasturlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kabi g‘oyalar ilgari surilgan.
Uchrashuvda partiyaning Muborak tumani kengashi raisi R. Hamroyev, Koson pedagogika-iqtisodiyot kolleji direktori M. Mustafoyeva va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida fikr-mulohazalarini bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik va muqobillik asosda o‘tayotgani O‘zbekistonda demokratiya tamoyillariga amal qilinayotganidan, milliy saylov tizimi xalqaro normalarga to‘la mos kelishidan dalolat ekanini ta’kidladi. Saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)