Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 20-fevral kuni Surxondaryo viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi raisi A. Ahmedov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov uchrashuvda nutq so‘zlab, e’tiborni o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlariga qaratdi.
Dasturda O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni izchil davom ettirish, farovon hayotning mustahkam tayanchlaridan bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish, qishloq xo‘jaligini isloh etishni davom ettirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va hosildorligini oshirish, fermerlik harakatini keng rivojlantirish, mahalliylashtirish dasturlarini yangi bosqichga ko‘tarish, ishlab chiqarishga yuqori texnologiyalarni joriy etish, sarmoyaviy muhitni yanada yaxshilash, xalqning turmush farovonligini muttasil yuksaltirish kabi muhim masalalar qamrab olingan. Shuningdek, aholi bandligini ta’minlash va real daromadlarini oshirib borish zarurligi ta’kidlangan.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlar iqtisodiyotni barqaror rivojlantirib, xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Mamlakatning eng chekka hududlarida ham zamonaviy sanoat korxonalari barpo etilib, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning izchil rivojlanayotgani tufayli xususiy sektorning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi oshib bormoqda. Qishloqlar qiyofasi tubdan o‘zgarib, bir-biridan ko‘rkam, barcha qulayliklarga ega zamonaviy uy-joy massivlari barpo etilyapti. Fermerlik harakati nafaqat qishloq xo‘jaligining asosiy mahsulotini ishlab chiqaradigan, balki qishloqning kelajagini, taraqqiyotini o‘z zimmasiga olgan yetakchi kuchga aylandi.
O‘zbekistonda bugungi talabga javob beradigan ta’lim, tibbiyot, sport inshootlari bunyod etilib, zamonaviy usulda jihozlanmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar yurtimizda hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda mehnat faxriysi X. Tangriyev, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Z. Xidirova, Termiz davlat universiteti magistranti N. Qurbonova, kichik serjant M. Rahimov va boshqalar O‘zbekistonda mustaqillikni, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tayotgani mamlakatda demokratik islohotlar hayotga tatbiq etilayotganining amaldagi ifodasi ekanini ta’kidladi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)