2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda 227 ta bojxona qoidabuzlarliklari fosh qilinib, qiymati 628 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 213,6 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan respublika hududidan tranzit tarzida o‘tayotgan “Dushanbe-Moskva” yo‘lovchi poyezdi restorani bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, qo‘shni davlat fuqarosiga tegishli 2 turdagi 110 quti tamaki mahsulotlari vagon oynalari orasiga yashirilganligi aniqlandi.
“Olot” chegara bojxona kompleksi orqali o‘z yurtiga qaytayotgan turkmanistonlik ayolning esa 2 turdagi 130 quti tamaki mahsulotlarini bojxona ko‘rigidan yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinishi naf bermadi.
Poytaxtning “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari esa Moskvadan kirib kelgan poyezd yo‘lovchisi tomonidan 2 turdagi 400 quti tamaki mahsulotlarining yashirincha olib kirilishiga chek qo‘ydi.
Toshkent xalqaro aeroportida esa Istanbulga parvozi oldidan andijonlik ayolning yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, 370 quti tamaki mahsulotlarini qo‘l yuklari orasiga yashirgancha olib chiqishga uringani fosh qilindi.
“Dubay-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro ham 390 quti tamaki mahsulotlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va og‘zaki so‘rovlar paytida ma’lum qilishni “unutib” qo‘yganini aytdi.
Shuningdek, aeroport bojxonachilari Sharjadan qaytgan poytaxtlik ayolga tegishli bagajni bojxona ko‘rigidan o‘tkazayotib, yuklar orasiga 540 quti tamaki mahsulotlari yashirilganligini ham fosh qildi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh (0)