“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi – 2015” mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Jamoatchilik so‘rovida aholining turli ijtimoiy guruhlari – erkaklar va ayollar, yoshlar, pensionerlar, turli millat va din vakillari, shahar va qishloq aholisi ishtirok etdi.
So‘rov orqali ularning milliy qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha to‘rt partiya – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega ekanini bilishi ma’lum bo‘ldi.
So‘rov fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish muhim ahamiyatga ega ekani va bu ularga o‘z fuqarolik burchini bajarish va konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish imkonini berishini ko‘rsatdi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish fuqarolarning ko‘pchiligi uchun vatanparvarlik tuyg‘usini namoyon etish, O‘zbekiston bilan faxrlanish va buyuk kelajakka ishonish ifodasidir.
Shuningdek, fuqarolarning aksariyati uchun ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotidagi voqealar, saylovoldi kampaniyasi haqida axborot yetkazib beradigan asosiy manbadir. So‘rovga ko‘ra, 95,4 foiz fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini muntazam kuzatib bormoqda. Har ikkinchi ishtirokchining fikricha, respublika ommaviy axborot vositalari bo‘lajak saylovni tashkil etish va o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari, saylov kampaniyasining huquqiy asoslariga taalluqli xabarlarni tezkor va o‘z vaqtida tarqatmoqda.
Izoh (0)