Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Islom Abdug‘aniyevich Karimov, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonov, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan Akmal Xolmatovich Saidov, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Madjitovich Umarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran ularning saylovoldi tashviqoti boshlanadi. Shu munosabat bilan majlisda saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilib, tegishi qaror qabul qilindi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov tadbir ishtirokchilarini Markaziy saylov komissiyasining majlisi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik borishi haqida xabardor qildi.
Ta’kidlanganidek, saylov kampaniyasi mamlakatimiz qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturiga to‘la muvofiq holda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonuni 28-moddasiga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Saylovoldi tashviqoti davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga o‘z saylovoldi dasturlarining asosiy qoidalarini saylovchilarning e’tiboriga yetkazish uchun O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” va “Yoshlar” tele- va radiokanallarida 900 daqiqadan efir vaqti beriladi.
Saylovoldi tashviqoti davrida “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” va “Pravda Vostoka” respublika davriy nashrlarida 10 sahifa nashr maydoni ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqoti materiallarining turlari, shakllari, uslublari va mazmunini mustaqil belgilaydilar.
Saylovoldi tashviqoti materiallari hududiy nashrlarda ham e’lon qilinadi. Saylovoldi tashviqoti davrida teng shart-sharoitlar yaratish tamoyili partiya nashrlariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Ular tegishli materiallarni istalgan hajmda chop etishlari mumkin.
M.Abdusalomov ta’kidlaganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimiz qonunchiligiga to‘la muvofiq ravishda saylovoldi tashviqotini o‘tkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.
Brifing mobaynida tayyorgarlik ishlari haqida ham fikr yuritildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish uchun 9058 ta, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy vakolatxonalari huzurida 44 ta saylov uchastkasi tuzildi. Saylov uchastkalari zarur aloqa vositalari, kompyuter va tashkiliy texnika, huquqiy adabiyotlar bilan ta’minlangan. Maxsus belgilangan joylarda yashirin ovoz berish uchun saylov kabinalari, saylov qutilari o‘rnatilgan.
Uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga 90 mingga yaqin kishi jalb qilingan bo‘lib, ularning 67 foizi - sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim, madaniyat va sport sohasi vakillari, 22,3 foizi - jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari, 5,3 foizi - fermerlar, 5,4 foizi - ishlab chiqarish sohasi vakillari, 6,2 foizi iqtisodchilar. Komissiya a’zolarining 84 foizi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda oldin ishtirok etgan. Xotin-qizlar soni esa 42,8 foizni tashkil etadi.
Brifingda saylov kampaniyasining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash masalalariga, ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga taalluqli axborotlardan foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda hujjatlar taqdim etgan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 340 dan ziyod vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Izoh (0)