2014-yil 16-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Qulburun qishlog‘idagi xonadonlardan birida ko‘tarilgan janjal fojia bilan yakunlandi, deb xabar beradi “Huquq” nashri.
Xonadon kelini turmush o‘rtog‘ining uyidan o‘ziga tegishli narsalarni olish haqidagi sud qaroridan so‘ng shu kunning o‘zidayoq onasi va ukasi bilan xonadonga keldi. Kelin uydagi o‘ziga tegishli narsalarni birin-ketin mashinaga orta boshladi. To‘satdan ayol mashinadan arrani olib, o‘zi ekkanligini ro‘kach qilib, hosilga kirgan yosh daraxtlarni kesa boshladi. Jazavaga tushgan juvon hech kimning gapiga quloq solmay, xonadon egalarini haqoratlashda davom etar ekan, uning onasi mol-mulk ichida xona ichkarisiga yo‘l oladi.
Xonadagi 3-4 metrli suv shlangini ko‘rib, olib ketayotganini ko‘rgan qaynotaning sabr kosasi to‘lib, shlangni tashlab ketishni so‘radi. Bu vaqtda kelin ichkaridagi janjalni eshitib, xonaga kirdi va “Buni otamning uyidan olib kelganman”, deya qaynotasini haqoratlay boshladi. Bunga chiday olmagan qaynota esa jahl bilan devorga qadalgan pichoqni olib, kelinining orqasiga sanchadi. Kuchli og‘riqdan shlangni unutgan kelin tashqariga yugurib chiqib, uyiga jo‘nab ketadi.
Kechki payt hovliga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari kelib, kelinning vafot etganini ma’lum qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi tomonidan qaynota 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)