Angliya olimlari ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar do‘stlari soni ularning bosh miyasi hajmiga bog‘liq ekanligini aniqladi, deya xabar bermoqda “Rossiyskaya gazeta”. Odamning “frendlari” soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, miyaning ba’zi zonalaridagi kulrang modda shunchalik katta hajmda bo‘ladi.
Mutaxassislar 200 kishi ishtirokidagi tajribaning birinchi bosqichidan so‘ng bunday xulosaga keldi. Dastlab magnit-rezonans tomografi yordamida bosh miyadagi kulrang modda hajmi aniqlandi. Shundan so‘ng ishtirokchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi do‘stlari soni bo‘yicha so‘rov o‘tkazildi.
Olingan ma’lumotlarni taqqoslash natijasida internet-do‘stlari ko‘p bo‘lgan (1000 va undan ko‘p) ishtirokchilarda bosh miyaning hissiyotlar uchun javob beradigan chakka qismi do‘stlari kam (300 va undan kam) ishtirokchilardagidan ko‘ra kattaroq ekanligi aniqlandi.
Biroq bu do‘stona foydalanuvchilar “eng aqlli” ekanligini bildirmaydi. Olimlar aytishicha, ba’zan “ko‘p miqdordagi miya” ma’lum bir topshiriqni bajarishda xalaqit beradi.
Endi britaniyaliklar odamda miya hajmi va do‘stlar sonining bog‘liqligini o‘rganmoqchi.