Tailandda Qirol kubogi doirasidagi O‘zbekiston va Janubiy Koreya olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin mojarolaridan xabaringiz bor, deb yozadi “Stadion.uz”. Bugun Janubiy Koreyadagi aksariyat sport nashrlari bor e’tiborlarini ushbu holatga qaratishdi va o‘zbek futbolchilarini keskin tanqid ostiga olib o‘tishdi.
Jumladan, mamlakatdagi nufuzli “Jungang − Ilbo” gazetasi o‘zbekistonlik futbolchilarni qotillarga qiyos etgan: “O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi a’zolarining nima sababdan qotillikka teng bunday harakatlar qilganligi qorong‘u. Shunisi aniqki, bu futbol emasdi. Bu Qirol kubogi turnirimi yoki ot minib, qo‘lda qilich bilan bir-birini ovlaydigan qonli o‘yinmi?”, deya yozarkan koreys nashri o‘zbek futbolchilarining xatti-harakatlarini Erik Kantona va De Yong kabi jahon yulduzlarining qo‘polliklaridan ham oshib tushganligini kuyunib yozadi. Gazetaning xabariga ko‘ra, Janubiy Koreya futbol jamoatchiligi o‘z futbol assotsiyatsiyalaridan o‘zbekistonlik futbolchilarga qattiqroq jazo talab qilib chiqishni taklif etmoqda.
Janubiy Koreyaning Kooki News internet nashri esa o‘zbek olimpiyachilarini Osiyo kubogidagi O‘zbekistonning koreyslardan mag‘lubiyati uchun shunday noprofessionallarcha qasd olganlikda ayblab chiqdi:
“Avstraliyada o‘tgan Osiyo kubogida qatnashgan ikki nafar o‘zbek futbolchisi ham kecha maydonda harakatlandi. Bizningcha, Osiyo kubogidagi mag‘lubiyat alamini shu tarzda chiqarishdi”.
Shuningdek, koreys nashrlariga ko‘ra, kechagi o‘yin nafaqat koreys OAVlarini balki butun dunyoni larzaga solgan. Jumladan, butun jahonga mashhur ingliz nashri hisoblangan Mirror ham o‘z sahifasidan kechagi o‘yin uchun joy ajratgan.
“Koreys futbolchilari qaysi harakatlari bilan o‘zbekistonliklarning jig‘iga tekkanligi tushunarsiz. Qo‘pollik qilgan futbolchini bor-yo‘g‘i maydondan chetlatishadi, xolosmi?”, deya piching qiladi ingliz nashri.
O‘zbekistonlik futbolchi raqibining ko‘kragiga oyog‘i bilan “uchib” borgan holatga izoh berarkan, nashr “ushbu kunfu harakati balki 2010-yilgi Jahon chempionati finalida Nayjel De Yong tomonidan ko‘rsatilgan master-klassni takrorlashga urinishdir” deb kinoya qilgan.
Yakunda “O‘zbekiston terma jamoasiga qaysi futbolchi ko‘proq mos keladi?” degan savol bilan murojaat qilingan so‘rovnomada zamonaviy futboldagi eng yomon qo‘polliklarning mualliflaridan to‘rt nafari: Jo Barton, Roy Kin, Nayjel De Yong va Diyego Kosta nolari keltirilgan.
Izoh (0)