Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazi yangi binoda faoliyat boshladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Markazning yangi binosini qurish ishlariga 704 million so‘m sarflandi. Kuniga 200 dan ziyod o‘g‘il-qiz tajribali mutaxassislar rahbarligida o‘lkashunoslik, badiiy ijodiyot, ekologiya yo‘nalishlarida qobiliyatini rivojlantirishi uchun zarur sharoit yaratildi. Masalan, markazning tikuvchilik to‘garagi 10 ta zamonaviy tikuv mashinasi bilan jihozlandi. Kompyuter sinfi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-fevralda qabul qilingan “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat markazi, tuman va shaharlardagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti markazlarining binolari to‘liq ta’mirlandi. Ayni paytda 480 ga yaqin to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan shunday maskanlarda 12 mingdan ziyod yosh o‘z bilim va mahoratini oshirmoqda.
Izoh (0)