2015−2019-yillarda O‘zbekistonda yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun 10 milliard dollarlik 150 tadan ortiq loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturida ma’lum qilingan. Dastur “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan.
Dasturda aytilishicha, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya tizimini, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishni amalga oshirish doirasida barcha infratuzilma sohalarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish, shuning hisobidan o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozorlariga chiqarish xarajatlarini kamaytirish muhim vazifa hisoblanadi.
Transport kommunikatsiyalarning uzoqligi va dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati mavjud emasligi O‘zbekiston uchun jiddiy muammolardan biri hisoblanadi. Shu sababli hozirgi vaqtda tashqi savdo kamida 2−3 ta davlat hududi orqali tranzit yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Natijada yuklarni yetkazib berishning qiymati oshmoqda, bu esa respublikadagi korxonalar eksportining raqobatdoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan, 2015−2019-yillarda ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish dasturida, eng avvalo, avtomobil va temir yo‘llarni, logistika markazlari va kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga doir aniq choralar ko‘rish nazarda tutilgan. Bu borada umumiy qiymati 10 milliard dollarlik 150 tadan ortiq loyihani amalga oshirish lozim bo‘ladi.
Mamlakat temir yo‘l kommunikatsiyasini rivojlantirish va elektrlashtirish bo‘yicha 13 ta loyiha, jumladan, Angren – Pop, Maroqand – Qarshi, Qarshi – Termiz, Maroqand – Buxoro yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalarni belgilangan muddatda bajarish alohida nazoratga olinadi.
O‘zbekiston milliy avtomagistralining 1 ming 800 kilometr uzunlikdagi uchastkalarini, Qarshi, Qo‘qon, Toshkent, Buxoro, Guliston shaharlarini aylanib o‘tuvchi yangi yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish, mahalliy ahamiyatga molik yo‘llarni modernizatsiya qilish ta’minlanadi.
Hukumat infratuzilmani rivojlantirish doirasida 2013-2020 yillarda milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishi ustidan nazoratni kuchaytiradi. Bu dastur barcha hududlarning, shu jumladan, olis va chekka hududlarning raqamli televideniye tizimiga to‘liq o‘tishini tugallash, respublika hududlarini mobil aloqa bilan qamrab olish darajasini 80 foizdan 95 foizgacha oshirish imkonini beradi. "Elektron hukumat" tizimi va Internetning samarali ishlashi uchun ishonchli texnik baza ta’minlanadi.
Izoh (0)