16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov iqtisodiyotdagi davlatning ishtiroki masalasiga e’tibor qaratdi:
Iqtisodiyotimizda davlatning ishtiroki qay darajada ekanini tanqidiy baholash, uni strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirish zarurligini alohida ta’kidlashni o‘rinli deb bilaman.Iqtisodiyot tarmoqlarida davlat ulushining mavjudligi va samaradorligini, boshqacha aytganda, “iqtisodiyotda davlat ishtiroki”ni har tomonlama tanqidiy tahlil qilish va shu asosda iqtisodiyot tarmoqlarida xususiy sektor ishtirokini sezilarli darajada kengaytirish bo‘yicha vazifalarimizni belgilab olish vaqti keldi.
Birinchi navbatda, avvalo, zarar ko‘rib ishlayotgan, past rentabelli va iqtisodiy nochor, mahsulotlariga talab yo‘qligi sababli to‘la quvvat bilan faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat korxonalarini professional xorijiy investorlarga ularni qayta tiklash va ushbu korxonalar negizida yangi, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish majburiyati bilan “nol” qiymatida sotish zarur.
Bu o‘rinda so‘z iqtisodiyotning real tarmoqlaridagi texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish va ularning raqobatdoshligini oshirish talab etiladigan korxonalardagi davlat aktivlari haqida bormoqda. Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu toifaga kiradigan tarmoqlar, birlashma va korxonalarning ro‘yxati tasdiqlanishi lozim.
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi davlat ulushi mavjud bo‘lgan barcha korxona va obyektlarni yana bir marta tanqidiy nuqtai nazardan qayta inventarizatsiya qilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining o‘tgan yili qabul qilingan “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga qanday obyektlar kiritilmaganini aniqlashi va real iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida davlat ishtirokini tubdan qisqartirishni nazarda tutgan holda, 2015−2016-yillarda davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha yangi dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarur.
Izoh (0)