Olmaliq shahrida Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi avariya-qutqaruv otryadi va shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limining rekonstruksiya qilingan binosi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklari, mahalliy hokimliklar vakillari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor T. Xudaybergenov va boshqalar Prezident rahnamoligida fuqarolar muhofazasi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi avariya-qutqaruv otryadi binosi qutqaruvchilar faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda to‘liq rekonstruksiya qilindi. Jumladan, yangi sport zali zamonaviy trenajyor bilan ta’minlandi, shuningdek, qutqaruvchilar dam oladigan va psixologik yordam xonasi jihozlandi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi avariya-qutqaruv otryadiga yangi asbob-uskuna va anjomlar, maxsus avtotransport vositasi taqdim etildi.
Tez orada yangi binoda o‘quv markazi ishga tushadi. Bu yerda viloyat sanoat korxonalari xodimlari va aholiga favqulodda vaziyatlar ro‘y berganda qanday harakatlanishni o‘rgatish bo‘yicha o‘quvlar tashkil qilinadi.
Izoh (0)