“Bunyodkor” BAA yig‘ini doirasidagi ilk nazorat uchrashuvini Niderlandiyaning 14 karra chempioni, Rotterdamning “Feyenoord” klubiga qarshi o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
“Bunyodkor” va “Feyenoord” klublari o‘tkazgan muzokara samarasi o‘laroq ushbu uchrashuv tashkil etildi. O‘yin Dubayning ko‘zga ko‘ringan arenalaridan bo‘lmish “Shayx Hamdan Al Maktum” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Bevosita uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, Sergey Lushan Yevropaning dongdor klubiga qarshi boshlang‘ich tarkibga anchayin yosh futbolchilarni kiritdi. “Qaldirg‘ochlar”ning birinchi bo‘limdagi o‘rtacha yoshi 18,7ni tashkil etdi. Aksincha, “Feyenoord” jamoasi esa bahsni o‘zining asosiy tarkibi bilan boshladi.
Har ikkala jamoa ham hujumkor o‘yin namoyish etishga harakat qildi. Lekin himoyachilar o‘z joylarida bexato o‘ynashib, xavfli hujumlarni bartaraf etib turishdi. Uchrashuvning 43-daqiqasida Zabixillo O‘rinboyev “Feyenoord” darvozasini judayam chiroyli tarzda ishg‘ol qilib, o‘yindagi hisobni ochdi. Jamoalar tanaffusga “Bunyodkor”ning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan chiqib ketishdi.
Ikkinchi bo‘limda har ikkala jamoa tarkibi deyarli to‘liq holda yangilandi. Sergey Lushan ikkinchi taymda tajribali futbolchilar bilan bir qatorda jamoa safiga yangi kelib qo‘shilgan o‘yinchilarni maydonga tushirdi. Tanaffusdan keyin hisobni tenglashtirish uchun qator hujumlar tashkil etgan niderlandiyaliklar 64-daqiqada Tonni Trindade de Vilenaning goli evaziga o‘rtadagi muvozanatni tikladilar – 1:1.
Uchrashuv shu hisob bilan yakun topib borayotgan pallada Samir Bekrichda g‘alaba to‘pini kiritish uchun yaxshi vaziyat yuzaga keldi. Lekin yarim himoyachimiz bu imkoniyatdan samarali foydalana olmadi.
Shu tariqa, “Bunyodkor” BAA yig‘ini doirasidagi ilk nazorat uchrashuvini Yevropaning mashhur klubi “Feyenoord”ga qarshi o‘tkazib, 1:1 hisobidagi durang natija qayd etdi. Natija qoniqarli ko‘rinsa-da, murabbiylar shtabi ushbu o‘yindan o‘zlariga kerakli xulosalarni aniqlab olib, jamoani mavsumga yanada yaxshi tayyorlashga harakat qilishadi.
Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi. 8-yanvar, Dubay. “Shayh Hamdan Al-Maktum” stadioni
“Bunyodkor” (O‘zbekiston) – “Feyenoord” (Niderlandiya) 1:1 (1:0)
Gollar: Zabixillo O‘rinboyev 43 (1:0), Tonni Trindade de Vilena 64 (1:1)
Izoh (0)