Osiyo qit’asining eng yirik musobaqasi — Osiyo kubogi boshlanishiga 3 hafta vaqt qoldi. Turnir boshlanishiga ko‘p vaqt qolmagan bir vaqtda juda ko‘plab terma jamoalar bosh murabbiylarni almashtirib yuborishdi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
Yaponiya va Janubiy Koreya terma jamoalari JCh-2014dan keyin yangi bosh murabbiyga ega bo‘lishdi. Meksikalik Xavyer Agirre Yaponiya termasida Alberto Zakkeronining o‘rnini egallagan bo‘lsa, koreyaliklar Xon Myon Boni iste’foga chiqarib, germaniyalik Uli Shtilikega ishonch bildirishdi.
G‘arbiy Osiyodagi vaziyat esa yanada keskinroq tus oldi. O‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan Fors ko‘rfazi kubogidan keyin birdaniga 5 ta terma jamoa bosh murabbiyni iste’foga chiqardi. Quvayt, Iroq, Saudiya Arabistoni va Bahrayn Osiyo kubog i− 2015’ga yangi murabbiy bilan tashrif buyurishadi.
Bahrayn bosh murabbiyi juda qisqa vaqt faoliyat olib bordi. Osiyoning eng tajribali murabbiylaridan biri hisoblangan Adnan Hamad avgust oyida Bahrayn bosh murabbiyi etib tayinlangandi. Iroqlik mutaxassis ushbu mamlakatda 3 oydan sal oshiqroq ishladi xolos. Bahrayn Ko‘rfaz kubogida guruhdan chiqa olmadi.
“Albatta, murabbiyni almashtirish ideal qaror emas. Jamoani shakllantirish uchun vaqt juda kam”, − dedi angliyalik murabbiy Entoni Xadson. U Adnan Hamaddan so‘ng Bahraynni qabul qilib oldi.
Quvayt Fors ko‘rfazi kubogini juda yaxshi boshlagandi (bitta g‘alaba, bitta durang), ammo uchinchi turda Ummonga 0:5 hisobida yutqazib qo‘ydi va guruhdan chiqa olmadi. Natijada braziliyalik murabbiy Jorvan Viyeyra iste’foga chiqarildi va uning o‘rniga tunislik Nabil Ma’lul tayinlandi.
“Osiyo kubogidagi bizning guruh juda og‘ir. Shunga qaramay, biz unda yaxshi natija qayd etishni istaymiz. Biz Osiyo kubogiga shunchaki ishtirok etish uchun borayotganimiz yo‘q”, - deydi Ma’lul.
Saudiya Arabistoni so‘nggi marta qit’a chempionligini 1996-yilda qo‘lga kiritgan. Shundan beri bu mamlakat termasida 20 dan ortiq murabbiy ishladi. Ispaniyalik murabbiy Xaun Lopes Karo ikki yil davomida ishladi. Ammo o‘z uyida bo‘lib o‘tgan Fors ko‘rfazi kubogi finalida Qatarga yutqazib qo‘yganidan keyin uning faoliyati ham yakuniga yetdi. BAAning “Al-Ahli” klubi bosh murabbiyi Kozmin Olariu dushanba kuni Saudiya Arabistoni terma jamoasi bosh murabbiy etib tayinlagani haqida ma’lumot berildi.
Iroq ham Ko‘rfaz kubogidan (guruhda so‘nggi o‘rin) keyin Hakim Shokirni ishdan bo‘shatdi. Uning o‘rnini Sebastyan Lazaroni egalladi. Braziliyalik mutaxassisning so‘nggi ish joyi “Qatar” SK bo‘lgandi.
Shimoliy Koreya terma jamoasi ham murabbiy masalasida muammolarga duch kelmoqda. Yun Chjung Su Incheonda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarining final bahsida hakamni haqorat qilgani bois bir yilga diskvalifikatsiya qilindi. U Osiyo kubogi paytida stadionga kirishi mumkin emas, faqat mashg‘ulot jarayonida ishtirok etishi mumkin.
Avstraliya terma jamoasi ham yangi bosh murabbiy Ange Postekogluga moslashish jarayonini boshdan kechirmoqda. Avstraliyalik mutaxassis o‘tgan yilning oktyabr oyida o‘z mamlakati terma jamoasini qabul qilib olgandi. “Sokkeruz” JCh-2014da barcha o‘yinlarda mag‘lub bo‘ldi. Ular Postekoglu qo‘lostida o‘tkazgan so‘nggi 10 ta o‘yinning 1 tasida g‘alaba qozonishdi, xolos.
Hozircha Qatar terma jamoasi eng yaxshi formada ekanini namoyish qilmoqda. Ular Ko‘rfaz kubogida g‘olib chiqishdi, O‘zbekiston va Avstraliyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida g‘alaba qozonishdi.
“Maqsadlarimiz buyuk. Osiyo kubogi oldimizdagi uzoq muddatli loyihada yangi qadam bo‘ladi. Har bir musobaqa muhim ahamiyatga ega. Oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarish uchun bor kuchimizni beramiz”, − deydi Qatar bosh murabbiyi Jamol Belmadiy.
Izoh (0)