11−13-dekabr kunlari Yoshlar madaniyat va san’at markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Milliy libos” respublika moda festivali o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Tadbir “Osiyo ramzi” dizaynerlar uyushmasi, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti bilan hamkorlikda tashkil qilinmoqda.
Festival doirasida “O‘zbek libosi milliy an’analarining yosh avlod ma’naviy tarbiyasidagi roli” respublika konferensiyasi, “Milliy libos” dizaynerlar tanlovining yakuniy shou-taqdimoti, “Nafosat” stilistlar tanlovi hamda O‘zbekiston va Yevropa davlatlari yetakchi dizaynerlarining master-klasslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, jami 80 ga yaqin dizayner ishtirok etgan “Milliy libos” tanlovining finalida 24 nafar dizaynerning 18 ta kolleksiyasini 160 dan ortiq model namoyish qiladi.
Izoh (0)