UEFA tashkiloti kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish maqsadida iPhone, iPad va Android operatsion tizimidagi platformalar uchun mo‘ljallangan maxsus mobil ilova ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
Ushbu mobil ilova yetti xil tilda bo‘lib, unda kelishilgan o‘yinlar haqida turli ma’lumotlar, videomateriallar, ko‘p so‘raladigan savollarga javoblar mavjud.
Shuningdek, kelishilgan o‘yin haqida biror bir ma’lumotga ega bo‘lgan har bir inson ushbu ilova orqali UEFA tashkilotiga xabar berish imkoniyatiga ega. Ilovada maxsus elektron pochta ham mavjud bo‘lib, unga Yevropa futbol ittifoqidan javob xati kelishi mumkin.
Mazkur mobil ilovani App Store (iPhone) yoki Google Play (Android) elektron do‘konlaridan yuklab olish mumkin. Buning uchun “Izlash” degan joyga “UEFA Integrity” kalit so‘zini kiritish talab etiladi.
Shuningdek, UEFA tashkiloti kelishilgan o‘yinlar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lgan inson xabar berishi mumkin bo‘lgan telefon raqamlarini ham joriy qildi. Xabar beruvchining shaxsi yashirin qolishi kafolatlangan.