Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan masjidlardan birining imom-xatibi G‘anijon Muxtorov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ehson qutisidagi pullarni o‘zlashtirgani oshkor qilindi, deb xabar bermoqda “Huquq” gazetasi.
Bu shaxs masjid mutavallisi Jabbor Shukurov bilan birgalikda qutidagi pullarni ajratib qo‘yishni boshladilar. Ko‘p o‘tmay esa bu pullarga ham qanoat qilmay qolishdi. Endi ular masjid uchun ehson qilinayotgan, shuningdek, turli marosimlardan kelib tushayotgan mablag‘larni ham o‘zaro taqsimlay boshladilar.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan olib borilgan tekshiruv ishlari davomida 2011-2013-yilarda ehson qutisiga kelib tushgan 18 million so‘m miqdoridagi xayriya mablag‘i belgilangan tartibda masjid hisobiga kirim qilinmay, shuningdek, bank muassasasiga ham topshirilmay, ish haqi va boshqa maqsadlar niqobi ostida o‘zaro taqsimlab kelingani ma’lum bo‘ldi.
Ushbu mablag‘dan 8 million 740 ming so‘mi G‘anijon Muxtorovning, 1 million 950 ming so‘mi esa Jabbor Shukurovning shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuborilgan bo‘lib, qolgan 7 million 310 ming so‘mi turli maqsadlarga xarjlanib, masjid manfaatlariga ancha miqdorda zarar yetkazilgan.
Egrilikka yo‘g‘rilgan ishlarni “puxta” qilish, o‘zlashtirilgan mablag‘larni yashirish hamda javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida har yarim yilda masjidning moliyaviy va xo‘jalik faoliyati yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasiga topshirilgan hisobotlarda masjid hisobiga kelib tushgan pul mablag‘lari kamaytirib ko‘rsatilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining hukmiga ko‘ra G‘anijon Muxtorov hamda Jabbor Shukurov Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan aybdor deb topildilar va ularga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Izoh (0)