2014-yil 3—15-noyabr kunlari Rossiya imperatorlik uyi rahbari Buyuk knyaginya Romanova Mariya Vladimirovna O‘zbekistonda mehmon bo‘ladi. Bu haqda Pravoslavie.uz xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tashrif mobaynida Mariya Vladimirovna Urganch, Xiva, Samarqand, Qo‘qon va Buxoro shaharlari, ulardagi pravoslav ibodatxonalari va cherkovlari, tarixiy qadamjolar, muzeylar va maqbaralarni ziyorat qiladi. Shuningdek, Buyuk knyaginyaning Toshkent shahridagi Muqaddas Uspenskiy kafedral cherkoviga tashrifi O‘zbekistonning pravoslaviyega e’tiqod qiluvchi aholisi uchun muhim voqeaga aylanadi, deyiladi xabarda.
Mariya Vladimirovna O‘zbekistonda bo‘lib turgan vaqtida uning davlat tuzilmalari va milliy ijtimoiy-madaniy birlashmalar vakillari, mamlakatning ijodkor va ilm ahli, Rus Pravoslav cherkovi va O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi vakillari bilan uchrashuvi ko‘zda tutilgan.
4-noyabr kuni Romanovlar uyi rahbari “Rossotrudnichestvo”ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etiladigan “Xalq birdamligi kuni”ga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etadi.
Shuningdek, 14-noyabr kuni soat 17:00 da “Turkiston” mehmonxona majmuasida Buyuk knyaginya Mariya Vladimirovnaning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bo‘lib turgan Rossiya imperatorlik uyi (RIU) devonxonasi maslahatchisi Kirill Nemirovich-Danchenko 31-oktabr kuni RIU rahbari Buyuk knyaz ayoli Romanova Mariya Vladimirovna Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarning avlodi ekanligini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)