Biologiya va genetika sohasidagi taniqli olim, biologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Jo‘ra Azimboyevich Musayev 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

J.Musayev 1928-yili Toshkent viloyatida tug‘ildi. 1948-yili O‘rta Osiyo davlat universitetini biolog-botanik mutaxassisligi bo‘yicha tugatib, aspiranturada o‘qishni davom ettirdi. 1955-yilda nomzodlik, 1974-yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1984-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi.

Taniqli olim o‘zining 60-yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati mobaynida O‘zbekiston Milliy universiteti g‘o‘za genetikasi laboratoriyasi va kafedrasi mudiri, professori, Fanlar akademiyasining O‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasining bosh ilmiy kotibi kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi hamda biologiya va genetika sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, ilm-fanning mazkur yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.

J.Musayev O‘zbekistonda g‘o‘za genetikasi ilmiy maktabiga asos soldi. Uning genetikaning nazariy hamda amaliy masalalariga bag‘ishlangan qator maqola va risolalari, ilmiy yangilik va ixtirolari mazkur soha rivojida alohida o‘rin tutishi mamlakatimiz va xorijiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum.

Zahmatkash olim talabchan va jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berdi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlandi.

Akademik J.Musayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi darajali davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.