Boliviyaning amaldagi prezidenti Evo Morales va uning “Sotsializm sari harakat” partiyasi tarafdorlari yakshanba, 12-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlardagi g‘alabani nishonlashni boshladi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Today.
Poytaxt La-Pas shahrining bosh maydonida, shuningdek, Santa-Krus va Kochabamba shaharlarida prezident va uning harakatining minglab tarafdorlari to‘plangan. Saylov uchastkalari oldida o‘tkazilgan so‘rovlar Evo Moralesning 61 foiz ovoz bilan Boliviya prezidentligiga qayta saylanganini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, ekzit-pollar natijalari “Sotsializm sari harakat”ning Senat va Deputatlar palatasida ham ko‘pchilikni saqlab qolganidan dalolat bergan.
Bu mamlakat tarixida Boliviya tub aholisi vakillaridan chiqqan ilk prezident Evo Moralesning ketma-ket uchinchi prezidentlik muddati bo‘ladi. Moralesning saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga u 2006-yilda prezidentlikka kirishgandan boshlab erishilgan iqtisodiy o‘sish sabab bo‘lmoqda. U mamlakatning asosiy boyligi − gazdan olingan daromadlarni ijtimoiy dasturlar, yo‘llar va maktablar qurilishini moliyalashtirishga sarflagan.
Izoh (0)