“Haj — 2014” mavsumi ziyoratchilari vidolashuv tavofini amalga oshirib, Saudiya Arabistonining Jidda shahridagi xalqaro aeroportdan O‘zbekiston sari uchmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar bermoqda.
Hojilar yaratilgan shart-sharoitlar, barcha imkoniyatlardan minnatdor ekanliklarini nafaqat so‘z, balki maktublarda ham ifoda etmoqda. Ana shunday hoji onalarning bir guruhi Toshkent shahar 3-guruh hojilari nomidan Makkadagi “Abroj Muhammadiya” mehmonxonasida joylashgan ishchi guruh shtabiga tashakkur xati ila murojaat qildi.
“Avvalambor, bunday ibodatni tashkillashtirishga boshchilik qilgan Prezidentimiz Islom Karimovga o‘z tashakkurimizni bildiramiz. Shuningdek, barcha mutasaddi tashkilotlar, jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, shifokorlar, oshpazlar va boshqa mas’ullarga minnatdorlik bildiramiz. ‘Haj mashaqqatdir’ deydilar, lekin biz yuqorida zikr qilib o‘tilganlarning yordamlari ila bu mashaqqatlardan osonlikcha o‘tdik. Ular bizga har bir ishda, har bir harakatimiz va ibodatlarimizda maslahatchi bo‘ldilar. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O. Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari U. Alimov va shifokorlar guruhi rahbari A. Soatovlar tomonidan o‘tkazilgan suhbatlar bizga ko‘p foyda berdi.
Mehmonxonalarda yaratilgan sharoitlar, dush, vanna, yumshoq o‘rindiqlar, konditsionerli xonalar, Harami sharifga borib-kelishda o‘zbekistonlik hojilar uchun maxsus avtobuslarning yo‘lga qo‘yilgani bizlarga safar qiyinchiliklarini sezdirmadi. Har kuni uch mahal o‘zimizning milliy ovqatlarimiz tayyorlangani havo almashinuvi va shu bilan bog‘liq boshqa o‘zgarishlarni sezdirmaslikka, vatanimizdan uzoqda emasligimizni his etishga ko‘maklashdi. Ayniqsa, erkak va ayollardan iborat shifokorlar guruhi, hatto Arofot, Muzdalifa, Mino vodiylarida tashkil etilgan tibbiy markazlar bizlarda uchrashi mumkin kasalliklarni oldini olishga yordamlashdi. Haj va umra amallarini bajarishda guruhimiz rahbari, ellikboshimiz A. Abdusattorovning hissasi katta.
Umuman, biz hoji onalar xizmatimizda bo‘lgan barcha ukalarimiz, farzandlarimizdan minnatdormiz. Allohning o‘zi ularni yomonliklardan asrasin, qilgan xizmatlarining ajrini bersin, mashaqqatli ishlari doimo xayrli tugasin. O‘zimizning ibodatlarimiz savoblari ham ziyoda bo‘lsin, yurtimiz tinch, osmonimiz doimo musaffo bo‘lsin”.
Izoh (0)