Hindistonning Puna shahrida shaxmat bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida jahon chempionati bahslari o‘tkazilmoqda. Musobaqalar shveysarcha tizimda o‘tkazilib, 13 turdan iborat bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Mazkur dunyo birinchiligida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Shamsiddin Vohidov birinchi turda Rao Prasanna (Hindiston) bilan durang natijani qayd etib, ikkinchi turda ozarbayjonlik Najot Abasovga, uchinchi turda esa Shvetsiya vakili Linus Yoxanssonga imkoniyatni boy berdi.
Shamsiddin bugun to‘rtinchi turda hindistonlik Manush Shaxga qarshi dona suradi. Dastlabki uch tur o‘yinlarining yakunlariga ko‘ra, har ikki sportchi hisobida ham 0,5 tadan ochko mavjud.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan yana bir O‘zbekiston vakili Sarvinoz Qurbonboyeva bugun o‘tkaziladigan to‘rtinchi turda hindistonlik Xinduja Reddi bilan kuch sinashadi.
Hozirda Sarvinoz hisobida uch tur o‘yinlarining yakuniga ko‘ra, bir ochko bor. Sirdaryolik shaxmatchi qiz birinchi turda Jessika Bengtsson (Shvetsiya) va uchinchi turda Bala Kannamma (Hindiston) bilan durang natijani qayd etib, ikkinchi turda Klaudia Munos (AQSh)ga imkoniyatni boy berdi.
Ma’lumot uchun, mazkur jahon chempionatining erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda 47 davlatdan jami 138 nafar (shundan 18 nafari xalqaro grossmeyster, 21 nafari esa xalqaro master) sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda. Xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan musobaqada 30 davlatdan 77 nafar sportchi (shundan to‘rt nafari xalqaro grossmeyster – 13 nafari xalqaro master) ishtirok etmoqda.
Izoh (0)