O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 11-sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Tojikiston poytaxtiga keldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Prezident Islom Karimov ShHT doirasida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro manfaatdorlik xususiyatiga ega. Savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. 2013-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgani buning tasdig‘idir. 200 dan ortiq davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitim va shartnomalar hamkorlikning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Islom Karimov va Vladimir Putin ikki mamlakatlar o‘rtasidagi muloqotlarning muntazamligi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston rahbari 12-sentabr kuni ShHTga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashining 14-majlisida ishtirok etadi.
Izoh (0)