KXDR hukumati mamlakatda faoliyat olib borayotgan xorijiy diplomatik missiyalar va xalqaro gumanitar tashkilotlar vakolatxonalariga simsiz aloqaning har qanday turlari, jumladan sun’iy yo‘ldoshli va Wi-Fi texnologiyalardan foydalanishni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda Radioto‘lqinlar ustidan nazorat bo‘yicha milliy boshqarma xabarnomasiga tayanib, “ITAR-TASS” ma’lum qildi.
Xabarda ta’kidlanishicha, bunday choralar “mamlakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida” qabul qilingan.
Hujjatda rasmiy ruxsatsiz o‘rnatilgan bunday aloqa tizimlarini yo‘qotish talab etilgan. Ushbu buyruq bajarilmagan taqdirda “vaziyatdan kelib chiqib” pulli jarima, bunday tizimlarni majburan to‘xtatish yoki ular uchun mo‘ljallangan uskunalarni musodara qilish kabi choralar qo‘llaniladi.
Kelajakda chet el vakolatxonalarida simsiz va sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlarini o‘rnatish mamlakatda amalda bo‘lgan radiochastotali spektr to‘g‘risidagi milliy qonunga muvofiq amalga oshirilishi kerak, deb ta’kidlanadi xabarnomada. KXDR hukumati bu yerda faoliyat yuritayotgan xorijiy muassasalar “mamlakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan ushbu qarorning amalga oshishida ijobiy hissa qo‘shishiga” umid bildirib qolgan.