Qozog‘iston 2016-yil oxirigacha o‘zi ishlab chiqqan kosmik qurilmalarni yig‘ishni boshlamoqchi. Bu haqda respublika investitsiya va taraqqiyot vazirligining aerokosmik qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
“2016-yil oxirigacha Milliy kosmik markazi obyektlarining ishga tushirilishi bilan qozog‘istonlik mutaxassislar o‘z hamkasblari va sheriklariga kosmik qurilmalarni loyihalashtirish, yig‘ish va sinovdan o‘tkazish xizmatlarini taklif qilishi mumkin”, — deyiladi hujjatda.
Avvalroq respublika Milliy kosmik agentligi rahbari o‘rinbosari Meyrbek Moldabekov Qozog‘iston 2015-yilda kosmik qurilmalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiligini e’lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bungacha Ostonada sun’iy yo‘ldoshlar va ularning tarkibiy qismlarini loyihalashtirish va yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi zavod va byuroni qurish ishlari yakunlanadi.
“Bunday korxona MDH hududida, jumladan Rossiyada ham mavjud emas. Bu yerda nafaqat Qozog‘iston uchun, balki eksport qilish uchun ham sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqariladi, biz o‘zlashtirayotgan texnologiyalar jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish imkonini beradi”, — deya ta’kidladi Moldabekov. Uning aytishicha, kosmik qurilmalarni yig‘ishda foydalaniladigan texnologiyalar va tarkibiy qismlarning 55 foizini mahalliy mahsulotlar tashkil etadi.
Izoh (0)