Shimoliy Koreya Yonbyon ilmiy-tadqiqot markazidagi uranni boyitish bo‘yicha zavodni kengaytirmoqda. Bundan tashqari, qurol-aslaha uchun plutoniy ishlab chiqarish bo‘yicha quvvati 5 megavattga teng reaktorini modernizatsiya qilmoqchi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Fan va xalqaro xavfsizlik instituti (ISIS)ning 2014-yil 30-iyun kuni tijorat sun’iy yo‘ldoshi orqali olingan suratlarga tayanib ma’lum qilishicha, Pxenyan Yonbyon yadro markazida o‘z reaktorini qurishda davom etmoqda.
“Hozircha reaktorning statusini va unda ishlab chiqariladigan plutoniy hajmini aniqlash qiyin. Biroq KXDR ushbu reaktorda avvalgi hajmda plutoniy ishlab chiqarilishini ta’minlash maqsadida uni modernizatsiya qilayotganini taxmin etish mumkin”, — deyiladi ISIS ma’ruzasida.