7-avgust kuni Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston va Yaponiya ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, bank-moliya, neft-gaz, sayyohlik, avtomobilsozlik, konchilik, geologiya, oziq-ovqat, kimyo, yengil sanoat, to‘qimachilik, elektron mahsulotlar ishlab chiqarish, marketing, sug‘urta, eksport-import, aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
2013-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 215 million AQSh dollaridan oshdi. Forumda Yaponiya tomonidan O‘zbekistonga kiritilgan moliyaviy-texnikaviy vositalarning umumiy hajmi 2 milliard dollardan ziyod ekani qayd etildi.
Marubeni, Itochu, Mitsubishi, JOGMEC, NEC, “Toyo Injiring”, “Sodjits”, “Sumitomo” kabi kompaniyalar vakillari O‘zbekiston bozoridagi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish niyatida ekanini qayd etdi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bir qator tovarlarni eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzildi.
Yaponiya delegatsiyasi tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi “O‘zinfoinvest” agentligi hamda Yaponiya tashqi savdo tashkiloti (JETRO) o‘rtasida memorandum imzolandi.
Izoh (0)