Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromini moliyalashtirishni 2016-yildan to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 1-avgust juma kuni “Izvestiya” gazetasi bergan ma’lumotga tayanib, “RIA Novosti” ma’lum qildi.
“Izvestiya” gazetasining xabar berishicha, “Boyqo‘ng‘ir”ni moliyalashtirishning to‘xtatilishi “Vostochniy” kosmodromi qurilishi va unga mablag‘ kiritilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
“2016-yil byudjeti uchun tuzilgan loyihaning avvalgi variantlarida Boyqo‘ng‘ir ta’minoti uchun 2,5 milliard rubl ajratilishi rejalashtirilgan edi. Bu mablag‘ maosh va obyektlarning faoliyatini ta’minlash uchun sarflanishi kerak bo‘lgan”, — dedi Yerusti kosmik infratuzilmadan foydalanish markazining bosh rahbari. Uning aniqlik kiritishicha, moliyalashtirishning to‘xtatilishi Rossiyaning asosiy kosmodromidagi mutaxassislarga maosh to‘lanmasligiga olib keladi.
Ma’lumot uchun, “Boyqo‘ng‘ir” majmuasi Qozog‘iston hududida joylashgan xalqaro kosmik port hisoblanib, 1955-yilda foydalanishga topshirilgan. Rossiya Boyqo‘ng‘ir shahrini kosmodrom bilan birgalikda Qozog‘istondan 2050-yilgacha ijaraga olgan.
Izoh (0)