Joriy yilning 9—13-iyul kunlari Serbiyada boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Voyevodinning oltin qo‘lqoplari” an’anaviy xalqaro turniri o‘tkazildi. Bu haqda Olympic.uz xabar berdi.
O‘ttiz ikkinchi marotaba tashkil etilgan mazkur musobaqada dunyoning 24 davlati vakillari g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Ushbu xalqaro turnirda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiysi Marat Qurbonov boshchiligida ishtirok etgan 11 charm qo‘lqop ustalaridan sakkiz nafari sovrindorlar safidan o‘rin egalladi.
Jumladan, Abdulxay Shoraxmatov (56 kggacha og‘irlik) va Kozimbek Mardonov (75 kggacha) o‘z vazn toifalarida barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sulaymon Latipov (52 kggacha) hamda Mahmud G‘oipov (69 kggacha) esa kumush medal bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, Bobirmirzo Tolipov (60 kggacha), Bektemir Meliqo‘ziyev (75 kggacha), Obidjon Tohirov (81 kggacha) va Raxmatilla G‘ofurov (91 kg+) o‘z vaznlarida bronza medali sohibi bo‘ldi.
Izoh (0)