General Motors Uzbekistan avtomobillari Belorussiyada O‘zbekistonga nisbatan arzon narxda sotilmoqda. Narxlar 2014-yil 1—31-iyul kunlari bo‘lib o‘tayotgan “Supersena” (“Super narx”) aksiyasi doirasida belgilandi, deb xabar berdi Anhor.uz Belorussiyaning TUT.by portaliga tayanib.
Avtomobillar savdo-sotig‘i Belorussiya rublida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda 21 823 100 — 22 795 720 so‘m (9405 — 9825 dollar) bilan narxlangan Matiz Belorussiyada 6800 dollarga, Nexia esa 7800 dollar (O‘zbekistonda 13 493 — 15 410 dollar)ga sotilmoqda. Nisbatlarda hisoblansa, Matiz 30—40 foiz, Nexia esa ikki barobar arzon narx bilan sotilayotganini ko‘rish mumkin.
Belorussiyadagi avtomobillar savdo-sotig‘i bilan shug‘ullanuvchi UzDaewoo avtosalonining saytida salon GM Uzbekistan’ning rasmiy dileri ekani qayd etilgan. Bu esa O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarning xorijda ikki barobar arzonga sotilishini bildiradi, deb yozadi “Anhor”.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda avtomobil xarid qilish uchun navbatga turish, narxning 85 foizini oldindan to‘lash va ma’lum vaqt kutish lozim. Ba’zan avtomobil rangi uchun ham qo‘shimcha pul to‘lanadi.
Shu sababli ayrim o‘zbekistonliklar haydalgan avtomobil sotib olishni ma’qul topadi. Misol uchun, 2—3 yil avval chiqqan, foydalanilgan Matiz iyun oyida 23 400 000 — 27 000 000 so‘m (10 085 — 11 637 dollar)ga narxlandi. Bu esa Belorussiyadagi yangi Matiz narxidan ikki barobar qimmat.
O‘zbekiston va xorijdagi narxlarning bunday katta darajada farqlanishi, O‘zbekiston fuqarolari uchun qimmatga sotish sabablari General Motors Uzbekistan yopiq aksionerlik jamiyatining avtomobillariga qo‘yiladigan 29 foizli aksiz solig‘i bilan bog‘liq.
Izoh (0)