O‘zbekiston milliy terma jamoasi Olmaliq shahrida Ummon terma jamoasiga qarshi dastlabki o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi. Bu haqda Uff.uz xabar berdi.
Birinchi bo‘limni faol boshlagan Mirjalol Qosimov shogirdlari ushbu faollikdan samarali foydalana olmadi. Aksincha, ummonlik futbolchilar yuzaga kelgan standart vaziyatdan gol kiritib, hisobda oldinga chiqib oldi. 19-daqiqada Ummon terma jamoasi a’zosi al-Hazriy jarima zarbasini amalga oshirdi, qaytgan to‘pga al-Ma’shariy birinchi bo‘lib yetib kelib, darvozani ishg‘ol qildi — 1:0.
Goldan keyin o‘zbekistonlik futbolchilar hisobni tenglashtirish uchun harakat qildi. Terma jamoa hujumchisi Ivan Nagayev bir qator qulay imkoniyatlardan foydalana olmaganini ham ta’kidlash kerak. Ummon esa asosan qarshi hujumda harakat qildi.
Uchrashuvning asosiy vaqtida ham, bosh hakam Vladislav Seytlin o‘yinga qo‘shib bergan olti daqiqa davomida ham boshqa gol kiritilmadi.
Shu tariqa, Ummonga qarshi dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston terma jamoasi 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Eslatib o‘tamiz, ikkinchi o‘rtoqlik o‘yini 29-may kuni Toshkent shahridagi “Jar” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)