Tailand poytaxti Bangkok shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smir va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida O‘zbekistonning yosh sportchilari bitta oltin, bitta kumush va 11 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qit’a chempionatida Osiyoning eng kuchli polvonlari aniqlanishi bilan birga, 2014-yilning 16—28-avgust kunlari Xitoyning Nankin shahrida o‘tkaziladigan II o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari ham o‘ynaldi.
E’tiborlisi, Osiyo chempionati bellashuvlari orqali o‘smirlar Olimpiadasiga yo‘llanma olgan sportchilar safidan ikki nafar o‘zbekistonlik ham o‘rin egalladi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘lgan Ilhom Bahromov (-50 kg) hamda finalga qadar o‘tkazilgan bellashuvlarni g‘alaba bilan yakunlab, kumush medal sohibi bo‘lgan Abubakr Alimov (-69 kg) o‘smirlar Olimpiadasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, “Nankin—2014” o‘smirlar Olimpiadasiga yo‘llanma olgan sportchilarimiz soni 26 nafarga yetdi.
Osiyo chempionatida, shuningdek, yunon-rum kurashchilarimizdan Jasurbek Ortiqboyev (-42 kg), Iskandar Sobirov (-58 kg) va Yormatbek Shermatov (-85 kg), erkin kurashchilarimizdan Abbos Rahmonov (-54 kg), Abdurasul Qo‘ldoshev (-58 kg), Turonbek Turonmurodov (-63 kg) hamda Sardorbek Xolmatov (-85 kg) bronza medallar bilan taqdirlandi.
Ayollar kurashi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda ham bir yo‘la to‘rt nafar o‘zbekistonlik: Shahodat Jo‘lliboyeva (-52 kg), Nabira Yesenboyeva (-60 kg), Lolaxon O‘rinboyeva (-65 kg) va Baxtigul Boltaniyozova (-70 kg) shohsupaning uchinchi pog‘onasidan o‘rin egalladi.
Izoh (0)