Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov va Fransiya tashqi savdo va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vazir-delegat Loran Sen-Marten Toshkent tramvay tizimini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi.

Bu haqda 12-mart kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan vazirlik-idoralararo hujjatlarni imzolash marosimida qatnashgan jurnalist Aziza Qurbonova xabar berdi.
Toshkentda tramvay harakati
2016-yil 2-may kuni Toshkentda harakatlanayotgan so‘nggi tramvay yo‘nalishi — “Beshqayrag‘och” dahasi va Ippodrom o‘rtasida qatnovchi 17-yo‘nalish yopilgan va shu tariqa Toshkent tramvayining 115 yillik tarixiga nuqta qo‘yilgandi.
2022-yilning yanvar oxirlarida telejurnalist Xayrulla Nuriddinov “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “Menimcha” ko‘rsatuvida Toshkentga tramvay qatnovini qaytarish tarafdori ekanini bildirgandi.
Shavkat Mirziyoyev o‘sha yilning fevralida Samarqand viloyatiga tashrifi davomida fuqarolar murojaati sabab tramvayni Toshkentga qaytarishni aytib o‘tgandi.
“Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti”, degan edi prezident.
2022-yil fevralida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Navoiy ko‘chasida tramvay bo‘lmasligini aytgan edi. Transport boshqarma boshlig‘i Anvar Jo‘rayev esa tramvay bo‘yicha takliflar borligini bildirgan.
2022-yil noyabrida Toshkentda tramvay tizimini fransuz kompaniyasi loyihalashtirishi ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyevning ushbu mamlakatga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Transport vazirligi hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vazirlik o‘rtasida Toshkent tramvay tizimi loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Hujjatni bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda uning fransiyalik hamkasbi Olivye Besht imzoladi. Unga ko‘ra, Toshkentda tramvay liniyalarini Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi quradi. Loyihaning qiymati 167,4 million yevroga baholandi.
Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari, Sharof Rahmonov O‘zbekiston so‘nggi 3–4 oy davomida Alstom bilan hamkorlikda ushbu loyiha ustida ish olib borayotganini aytgandi.
“Rahbariyatimiz tomonidan mazkur loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Hozir fransuz hamkasblarimiz bilan birgalikda texnik-iqtisodiy asoslash (texnik-iqtisodiy asoslash) va loyihaning o‘zini tayyorlash bo‘yicha ishlarni boshladik”, degan edi u.
2024-yil yanvarida Toshkent transport tizimiga g‘ildirakli tramvaylar integratsiyalashuvi taklif etildi.
2024-yil mart oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov tramvay orqali birinchi navbatda “eski” Toshkent bilan Yangi Toshkent bog‘lanishi, shuningdek, poytaxt ichida tramvayni qaysi yo‘nalishlarga qo‘yish masalasi ustida ishlanayotganini aytdi.
“Daryo” Toshkentga tramvay qaytarilishi haqida poytaxtda yashovchilar fikri bilan ham qiziqib, so‘rovnoma o‘tkazgandi. Aksariyat kishilar buni yoqlagan.
Izoh (0)