Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini yana bir bor tanqid qildi va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni yana Adolf Gitlerga qiyosladi. Bu haqda Hurriyet xabar berdi.
Turkiya prezidenti Isroil hukumati falastinliklarning “misli ko‘rilmagan qirg‘inlari” uchun jazolanishini aytdi.
“Biz haqiqatni fosh qilishda va Isroil sodir etgan qotilliklar haqida gapirishda davom etamiz. Hamma tushunsin, Netanyaxu zamonamizning Gitleri va uning sheriklari javobgarlikdan qochib qutula olmaydi. Ertami-kechmi adolat, sudda bo‘lmasa, tarix oldida g‘alaba qozonadi”, — dedi Turkiya prezidenti.
Shuningdek, Erdo‘g‘on Isroilni ommaviy axborot vositalari xodimlariga hujum qilishda aybladi. Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu bilan Isroil rasmiylari G‘azo sektoridagi “ommaviy qotillik” izlarini o‘chirib tashlamoqchi.
“Ular qanday harakat qilmasin, biz Isroil tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga oid barcha hujjatlarni Xalqaro sudga topshirdik va buni davom ettiramiz”, — dedi siyosatchi.
Bu Erdo‘g‘onning Isroil bosh vazirini Gitlerga qiyoslashi bilan bog‘liq birinchi holat emas, Turkiya prezidenti 2023-yil ham Netanyaxuni G‘azoda sodir etgan harbiy jinoyatlarini Gitler boshchiligidagi fashistlar rejimining harakatlariga qiyoslagandi.
Bundan avval u Netanyaxuni harbiy jinoyatchi deb atagan va 3 mingga yaqin advokat Xalqaro jinoiy sudga Isroil bosh vazirini G‘azoda sodir etayotgan jinoyatlari uchun javobgarlikka tortishni talab qilib da’vo kiritgani haqida xabar bergan.
Izoh (0)