Qozog‘istonning Jambil viloyati kengashi deputati Meyrambek Donenbayev non narxini 500 tengega (26-apreldagi kurs bo‘yicha 14 ming so‘mdan ziyod) oshirishni taklif qildi. Bu haqda Jambylinfo.kz xabar berdi.
Deputatga ko‘ra, hozir non narxi juda past va aholi bu mahsulotni qadrlamayapti. U odamlar nonni tez-tez tashlab yuborishidan shikoyat qildi. Donenbayev qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxining oshishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
“To‘g‘risini aytsam, non narxi juda arzon. O‘zim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchisiman. Men ekkan bug‘doy hozir 100 tengedan (salkam 3 ming so‘m) kam turadi. Shuning uchun nonning narxi kamida 500 tenge bo‘lishi kerak. Shu yo‘l bilan qishloqlarda farovonlikni yuksaltirishga erishamiz. Odamlar uni sotib olishga qodir. Chunki odatda non chiqindixonalarda yotadi. Kolbasa va go‘sht mahsulotlari emas, sababi ular qimmat”, — dedi Meyrambek Donenbayev.
Deputatning hamkasblari uning fikrga qarshi chiqdi. Maslihat deputati Baxitjon Kalimbetovga ko‘ra, dotatsiya qilinadigan hududda nonning hozirgi narxi 120 tenge (salkam 3,500 so‘m) bo‘lishi ham aholi cho‘ntagiga og‘irlik qilmoqda. Xalq vakili Jumaxon Tankebayev ham non narxi oshishiga qarshi.
“Non narxini 500 tengega ko‘tarish haddan ziyod yuqori. Bu oddiy xalq uchun og‘irlik qiladi. Ayniqsa, 5-6 bolali oilalar uchun. Bu ularning cho‘ntagiga katta yuk bo‘ladi”, — dedi deputat Tankebayev.
Izoh (0)