“Ayolning ilmli bo‘lishi biz uchun juda muhim. Uning o‘rnini hech kim bosolmaydi. Bu xuddi go‘shtga sepilgan tuzdek... Millatni aynib ketishdan asraydi!”
“Daryo” muxbiri o‘z maqolalarida mana shu kabi dolzarb muammolarni qalamga olayotgan jurnalist — Shahina Abdurazzoq bilan suhbat uyushtirdi.
— Maqolalaringizdan birida qizlarning erta turmushga uzatilayotgani, kuyovlar esa to‘y o‘tar-o‘tmas, chet elga ishlash uchun ketayotgani, ko‘pgina oilalarda farzandlar otasiz o‘sayotgani, kelinchaklar esa haq-huquqsiz qolib ketayotgani haqida yozgansiz. Juda og‘riqli mavzu. Shunday holatlarni o‘zingiz ko‘rib, kuzatib yozdingizmi?
— Agar bunday voqealarga o‘zim guvoh bo‘lmaganimda, ularni qalamga olmas edim. Har bir satr ortida bir insonning taqdiri, dardi yotibdi. Inson hyotda qilgan ishlari uchungina emas, qodir bo‘la turib qilmagan ishlari, yozmagan haqiqatlari uchun ham javob beradi. Masalan, imkon bo‘la turib kimgadir yordam bermagani uchun... Biz qizlarimizni turmushga uzatayotganda, asosan, kuyovning “falonchilardan” ekani, puli ko‘pligiga e’tibor qaratamiz. Oqibatda esa... Mana, misol uchun, kosonlik bir kelinchakning onasi menga murojaat qildi.
Kuyov qizini muttasil ravishda kaltaklagan, uydan haydagan. Ona esa qiziga sabr yedirgan, “farzandlaring bor, chidagin” degan. Oxiri kelin vafot etibdi. Kuyov tomon esa uning jasadini osib qo‘yib, tez yordam chaqirgan, go‘yoki kelin o‘z joniga qasd qilgandek... Xullas kalom, kelinni hech bir surishtiruvsiz dafn etishdi. Ammo ba’zi holatlar videotasvirga tushib qolgan ekan. Qayta tergov o‘tkazilib, kuyov qamaldi. Ikki, to‘rt va olti yoshli farzandlar esa ikkitasi ota tomonda, bittasi ona tomonda qoldi. Ota-onasi bor insonlarning hayot so‘qmoqlaridan o‘tishi oson emas, endi ham onadan, ham otadan ayrilgan o‘sha uch nafar bolakayning taqdiri qanday kecharkin?
Oilada muammosi bor ayol birinchi navbatda mahalla idorasiga murojaat qiladi, shunda ham yurak yutib borsa, bormaydiganlari qancha. Mahallada esa ularga oilaviy sirni ko‘chaga olib chiqmaslik, sabrli, hayoli bo‘lish zarurligi tushuntiriladi. Bunday nasihatbozlik majlislarida kuyovto‘ralar bemalol yastanib o‘tirishadi. Chunki hech kim ularning mushugini pisht demaydi. Vaholanki, janjalning sababchisi o‘zi, hamma e’tiroz, nasihat esa kelinga qaratiladi. Oqibatda, kelin sho‘rlik kuyovni “ko‘pchilik oldida sharmanda qilgani uchun” uyda yana kaltak yeydi. Bunday voqealarga o‘zim yillar davomida guvoh bo‘lib kelyapman.
Ayrim holatlarda esa, ayollar og‘zaki murojaat etgani sababli ularning murojaati ro‘yxatga ham olinmaydi. Mahalla idorasiga bir yigit keldi. Uning opasini kuyov urib o‘ldirib qo‘ygan. Haligi yigit “opam sizlarga murojaat qilib kelgan ekan” desa, mahalladagilar “murojaat qilgan bo‘lsa, qani arizasi, bizga kelmagan” deb bahona qilishibdi, vaholanki, yuqorida aytganimdek, ro‘yxatga olinmagan ekan.
— Inson yozmagan haqiqatlari uchun ham javob beradi, dedingiz. Menimcha, hozir, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda, saytlarda har qanday mavzu haqida ochiq-oydin yozish, keskin fikrlar bildirish mumkin. Yoki sizga “falon mavzuni ko‘tarma”, degan tazyiqlar ham bo‘lganmi?
— “Dok-1 Maks” dorisidan zaharlanib o‘lgan bolalar mavzusida yozgan edim. Juda keskin ohanglarda yozilgan edi o‘sha maqola. Chunki jonlantirish bo‘limida yotgan bolaning azoblarini ko‘rganman. Agar katta yoshdagi odam shunchalik qiynalsa, o‘limiga ham rozi bo‘ladi. Ammo bola qon qusib tursa-da, yana onasining ko‘kragiga yopishardi. Hayotga chanqoqlikni qarang... Bu borada ochiqlangan statistika bilan birga, ochiqlanmagani ham bor, deb o‘ylayman. Chunki qanchadan qancha holatlarda o‘sha siropdan zaharlangani aniq bo‘lsa ham, bemor bolalarni boshqa tashxis bilan ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Aslida, ularning soni bitta bo‘lsa ham, bu fojia. Mana shu mavzuda yozganimda “chaqiruvlar” bo‘lgan. Menga nimalarnidir “tushuntirmoqchi” bo‘lgan xodimga men ham o‘z qarashlarimni tushuntirganman. “O‘zingizning farzandingiz bormi? Bir soniya ko‘rmay qolsangiz, qay ahvolga tushasiz?” deb so‘raganman.
— Qizlarning ilmli bo‘lishi haqida yozgansiz. Bilasizki, bugungi kunda nafaqat Toshkentda, balki barcha viloyatlarda ham universitetlar bor, ulardan tashqari, qanchadan qancha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari ishlab turibdi. Ya’ni qizlarimizning ta’lim olishi uchun hamma sharoitlar bor. Ammo diplom bilan muammo hal bo‘lib qoladimi, genlarimizga singib ketgan illatlarni oliy ma’lumot hal qiladimi?
— Men shunday diplomli ayollarni bilamanki, ilmiy ishlarni yoqlab qo‘yishgan, lekin uyda o‘tiradi. Oilasini birinchi o‘ringa qo‘ygan. Shunday xonadonlarga kirsangiz, juda yoqimli muhit bor. Fikrimcha, diplom ko‘p narsani o‘zgartirmaydi. Hamma gap ta’lim-tarbiyada. Shunchaki insonning qo‘liga diplom tutqazib qo‘yish bilan hech narsaga erisholmaymiz. Ayol o‘qisa, diplom olsa, boringki, oilasining moddiy ta’minotiga hissa qo‘shsa-yu, ammo erini hurmat qilmasa, oila muqaddas degan tushunchasi bo‘lmasa, bunday oila mustahkam bo‘lmaydi.
O‘tgan yilgi ajrimlarning asosiy sabablaridan biri er-xotinning “bir-birini tushunmasligi” bo‘lgan. Ochiq tan olish kerak, erkakka hamyon sifatida qaraydigan bo‘lib qoldik. Kuyov tanlashda ham shu mezon. Badavlat oiladan, yaxshi joyda ishlaydi... Lekin inson sifatidachi? Bu tarafi ko‘p ham qiziqtirmaydi. Oxir-oqibat, 2-3 ta farzandli bo‘lgach, ajrashish yoqasiga kelib qolganda ham, ayb “narigi tarafdan” qidiriladi. Keyin esa sehr-jodu qilishgacha boriladi. Bundaylar orasida diplomli ayollar ham, diplomsizlari ham bor. Jamiyatda ayolning maydalashish jarayonlarini tushunyapsizmi?
Yana bir holat: Er ming mashaqqat bilan xorijda mehnat qilib, oilasini tebratyapti. Og‘ziga kuchi yetmagan, g‘iybatni yaxshi ko‘radigan “tanish-bilishlar” esa uyda qolgan ayol haqida har xil gap-so‘zlar tarqatishadi. Oqibatda, oilaga darz ketadi. Haligiday gaplarga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay boshi qotgan, bolalarini ko‘zi qiymayotgan erkaklarning qanchalik iztirobga tushganini ham ko‘rganman. Vaholanki, o‘sha gap-so‘zlarni tarqatganlardan so‘rasangiz, hech qanday dalil-isboti yo‘q, faqat kimlardandir eshitgan bo‘htonlarga birga mingni qo‘shib tarqatib yuborgan. Oqibatda, yana o‘sha kelajagimiz bo‘lgan norasidalar jabr ko‘radi.
— Lekin ayolga ham ko‘p narsa bog‘liq. Turmush o‘rtog‘im qiyinchilik bilan pul topyapti, shuni farzandlarimizning ilmli bo‘lishi uchun sarflaylik, toki ular yaxshi yashasin, bir kunlik to‘y uchun sarflab yubormaylik, deyishi kerak-ku. Lekin unday demaydi, aksincha, erining quloq-miyasini qoqib, kerak-nokerak urf-odatlarni qilish shartligiga ko‘ndiradi. Ilmsiz o‘sgan bola esa katta bo‘lgach, otaning ortidan mardikorlikka ravona bo‘ladi.
— Ayollarimiz hayotning mazmunini to‘y-hasham bilan emas, ilm bilan baholaganlarida qani edi... Yuqorida aytilganidek, erkakka hamyon sifatida qaraymiz. Shuni qilishi kerak, vassalom! Vaholanki, erkak ham xorijda sarson bo‘lib yurishni istamaydi, uyda bolalari oldida bo‘lishni, ayolidan mehr ko‘rishni istaydi. Topgan puli to‘yga sovurib yuborilgach, majbur-da, yana to‘nni yelkaga tashlab, mardikorlikka ketishga. Biz faqat tashqi tarafdan yashayotgandekmiz. Dang‘illama uy quramiz. O‘sha uyning har bir g‘ishti o‘g‘limizning, turmush o‘rtog‘imizning sog‘lig‘i hisobiga kelganini esa ko‘p ham o‘ylab o‘tirmaymiz. To‘y-hashamlarimizda ham shu ahvol. Faqat atrofdagilar uchun, odamlar nima derkan, degan savolga javob topish uchun tirishamiz. Vaholanki, farzandlarimiz ilmli bo‘lib, ham o‘zi uchun, ham jamiyat uchun foyda keltiradigan kasbni egallaganda edi, undan hamma manfaat ko‘rar edi. Agar biz faqat o‘zimizning orzu-havaslarimizni o‘ylayvermasdan, farzandlarimiz nima xohlayotgani bilan qiziqsak, ularga sharoit yaratib bersak va ilm darvozalarini ochsak, yuqorida aytganimiz — oilaviy fojialar, ajrimlar kamaygan bo‘lar edi.
Olimjon Safoyev suhbatlashdi
Izoh (0)