AQSH Davlat departamenti 22-aprel kuni eʼlon qilgan yillik hisobotida “Tolibon” hokimiyati tan olinmasligini yana bir bor maʼlum qildi. Bu haqda Davlat departamentining rasmiy sahifasiga joylashtirilgan hujjatda aytiladi.
Hisobotda aytilishicha, Qo‘shma Shtatlar haligacha “Tolibon” yoki boshqa bir tashkilotni “Afg‘oniston hukumati” deb tan olish to‘g‘risida bir qarorga kelmagan. “Tolibon” tomonidan Afg‘oniston qonunlariga va bu davlatning xalqaro konvensiyalardagi majburiyatlariga zid bo‘lgan buyruqlar chiqarilishi AQSHning bu boradagi fikri salbiy bo‘lib qolishiga olib kelgan.
Ushbu hisobotda, shuningdek, qotillik, og‘ir jismoniy zo‘ravonlik, ayollarning hayotiga tahdid soluvchi sharoitlar, nohaq hibsga olish va o‘g‘irlash, g‘oyib bo‘lish, shaxsiy hayotga o‘zboshimchalik bilan yoki noqonuniy aralashuv hamda mahbuslardan birining ehtimoliy huquqbuzarligi uchun oila aʼzolarini jazolash holatlari inson huquqlarining buzilishi sifatida qattiq qoralangan. Korrupsiyaning mavjudligi, ichki va xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga qattiq cheklovlar qo‘yilishi, gender asosidagi zo‘ravonlik, jumladan, oilaviy zo‘ravonlik, majburiy nikoh va zo‘ravonlikning boshqa shakllari Afg‘onistonning eng jiddiy muammolari sifatida aytib o‘tilgan.
AQSH Davlat departamentiga ko‘ra, Afg‘onistonda “Tolibon” hukmronligi ostida hazoralar, sikxlar, hindular, shialar, salafiylar, ahmadiylar kabi etnik va diniy ozchilik guruhlarga nisbatan zo‘ravonlik va tahdidlar mavjud. “Tolibon” hukmronligi ostidagi Afg‘onistonda qonun ustuvorligiga ko‘p eʼtibor berilmasligi va inson huquqlarini poymol qilganlar ko‘pincha jazodan himoyalangan.
Manbada aytilishicha, “Tolibon” va ISHIDning Xuroson bo‘limi o‘tgan yil davomida hatto 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ham o‘z safiga jalb qilgan. Ularni harbiy mafkura asosida tarbiyalash maqsad qilingan
Bundan tashqari, “Tolibon” hukmronligi ostidagi qurolli guruhlar xorij fuqarolari, nodavlat tashkilotlari tibbiyot xodimlari va tinch aholiga tahdid solishi, qiynoqqa solishi va o‘g‘irlashi aytilgan.
“Tolibon” harakati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid AQSH Davlat departamentining Afg‘onistonda inson huquqlari poymol etilayotgani haqidagi hisobotiga javoban, Afg‘oniston xalqi to‘liq musulmon ekanligi va ularning huquqlari Islom shariati asosida belgilangani hamda kafolatlanganini aytgan.
Zabihulloh Mujohidga ko‘ra, Amerika va boshqa g‘arb mamlakatlarida belgilangan madaniyat va inson huquqlari Afg‘onistondan farq qiladi va g‘arbliklar o‘z madaniyatini boshqa davlatlarga yuklamasligi kerak.
Izoh (0)