O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi va 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga sababchi bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqargan hindistonliklar yengil jazo bilan qutilib qolishi mumkin. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Hindiston qonunchiligi bo‘yicha sirop ishlab chiqaruvchilariga qo‘yilayotgan ayblovlar tasdiqlansa, aybdorlarga olti oylik qamoq jazosi yoki 1000 rupiy, o‘zbek so‘mida 150 ming so‘m jarima jazosi tayinlanishi mumkin.
Boisi, Hindiston davlati sirop ishlab chiqaruvchilarni noqonuniy va sifatsiz dori ishlab chiqarishda ayblagan, xolos. O‘zbekistonda sirop mavzusi ko‘tarilgan paytda yaʼni 2022-yilning noyabr, dekabr oylarida Hindiston politsiyasi “Marion Biotech Pvt. Ltd.” korxonasining sifatsiz dorilari sabab O‘zbekistonda bolalar zaharlanayotgani haqida maʼlumot olgan. Undan keyingi jarayonlar, jumladan marhumlar 68 nafar ekani, 16 nafar bola nogiron bo‘lib qolgani haqidagi maʼlumotlar esa katta ehtimol bilan ularga yetkazilmagan. Shu sabab Hindiston qonunchiligi bo‘yicha Sachin boshchiligidagi ishlab chiqaruvchi korxona masʼullariga yengil ayblovlar qo‘yilgan, — deydi manba.
Aniqlashtirilishicha, ayni kunda korxona va uning 5 nafar masʼuli — kompaniya direktori Sachin Jayn, uning xotini Jaya Jayn, boshqaruvchisi Tuxin Bxattacharya, kimyogar Atul Ravat va Mul Singxlarga qarshi jinoyat ishi ochilgan.
“Dok-1 Maks” bilan bog‘liq jinoyat ishi O‘zbekiston sudi tomonidan salkam yetti oy davomida ko‘rib chiqildi. Sudning 2024-yilning 26-fevraldagi hukmiga ko‘ra, 23 nafar sudlanuvchining 7 nafari ozodlikdan mahrum qilindi. 14 nafarining ozodligi cheklandi. Shuningdek, bir nafari axloq tuzatish ishlariga jalb etilishi belgilangan bo‘lsa, yana bir nafari 17 million so‘mlik jarimaga tortilgan. Jazolanganlarning 7 nafari hukmdan norozi bo‘lib, sudga apellyatsiya shikoyatini kiritgan.
Izoh (0)