Birlashgan Arab Amirliklari hukumati kuchli yomg‘irlar paytida turar joy binolariga yetkazilgan zarar oqibatlarini bartaraf etish uchun taxminan 544,6 million dollar miqdorida mablag‘ sarflamoqchi.
Bu haqda G‘arb OAVlari mamlakat bosh vaziri – Dubay amiri Muhammad bin Rashid al-Maktum bayonotiga tayanib xabar berdi.
16-aprel kuni BAAda so‘nggi 75 yildagi eng kuchli yog‘ingarchilik kuzatildi, ayniqsa Dubay katta zarar ko‘rdi. Kuchli yog‘ingarchilik tufayli asosiy magistrallar va Dubay aeroportidagi uchish-qo‘nish yo‘lagi suv ostida qolgan. Hammasi bo‘lib 2 mingga yaqin reys kechiktirilgan.
Noqulay obhavo sababli Dubayda 50 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari qolib ketgani aniqlangandi.
Hamyurtlarni O‘zbekistonga qaytarish bilan bog‘liq masalalarni o‘rnatilgan tartibda hal etish maqsadida O‘zbekiston Bosh konsulxonasi, Uzbekistan Airways va Centrum Air aviakompaniyalari vakillari Dubay xalqaro aeroporti mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida Centrum Air kompaniyasi yo‘lovchilari bo‘lgan yurtdoshlarni Uzbekistan Airways kompaniyasi samolyotida O‘zbekistonga jo‘natish to‘g‘risida kelishib olingan.
Izoh (0)