Futzal bo‘yicha Osiyo Kubogining yarim finalida O‘zbekiston terma jamoasi 26-aprel, juma kuni Eronga qarshi bahs olib bordi.
Uchrashuvning 4-daqiqasida Eron terma jamoasi hujumidan so‘ng Odilov o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi. Uchrashuvning 7-daqiqasida Sunnatillo Jo‘rayev hisobni tenglashtirdi. 18-daqiqada Abror Ahmedzyanov hisobni 2:1 ko‘rinishiga olib keldi. Bo‘lim o‘zbekistonlik futbolchilarning ustunligida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limning 3-daqiqasida Abror Ahmedzyanov yana o‘z darvozasiga gol urib hisobni tenglashtirib berdi. Ikkinchi bo‘limning o‘rtalarida O‘zbekiston futzal terma jamoasi futbolchisi qizil kartochka olib maydondan chetlatildi. Bundan foydalangan eronliklar hisobni 3:2 ko‘rinishiga olib keldi. Eronliklarning 3-goliga Behruz Azimi mualliflik qildi.
Uchrashuvning 35-daqiqasida Abror Ahmedzyanov hisobni tenglashtirishga erishdi. Asosiy vaqtda g‘olib aniqlanmagach, uchrashuv qo‘shimcha taymlarda davom ettirildi. Ushbu ekstra taymlarda hisob o‘zgarmadi va jamoalar penaltilar seriyasiga yo‘l oldi.
O‘zbekiston terma jamoasi penaltilar seriyasida Eronga mag‘lubiyatga uchradi. Hisob — 4:5.
Shunday qilib, O‘zbekiston terma jamoasi Tojikiston bilan uchinchi o‘rin uchun kurashadi.
Izoh (0)