O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida NEU Professionals rekruting agentligi, Qirollik hamshiralik kolleji, Koventri universiteti va “Mutaxassis til kurslari” markazi vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga amaliy safari tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, safar davomida Britaniya tomoni O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Samarqand shahridagi Medicon universitetida uchrashuvlar o‘tkazgan.
Olib borilgan muzokaralar natijasida, o‘zbekistonlik 10 mingdan ortiq tibbiyot sohasi vakillarini chet tillariga o‘qitish orqali Buyuk Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarga ishga qabul qilish hamda 3 ming dollar miqdorida oylik maosh to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Shuningdek, NEU Professionals rekruting agentligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ish beruvchi talabi, ushbu yurtda ishlash tartibi batafsil tushuntirilgan.
Britaniya tomoni o‘zbekistonlik tibbiyot sohasi vakillari, jumladan, hamshiralar o‘rta tibbiy xodim sifatida faoliyat yuritish bilan cheklanib qolmasligi, balki qobiliyati, intilishi, tajribasi va til bilishidan kelib chiqib, vazifasi nuqtayi nazaridan o‘sish imkoniga ega bo‘lishini taʼkidlagani.
NEU Professionals rekruting agentligi 2013-yil chet ellik tibbiyot mutaxassislarini Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti shifoxonasi va boshqa tibbiyot muassasalari uchun yollashga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya xorijdan tibbiyot mutaxassislarini Angliya va Uelsga yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqda.
Bundan oldin Buyuk Britaniyada xorijdan yuqori malakali shifokorlar va hamshiralarni ish bilan taʼminlashga ixtisoslashgan Triple West Medical rekruting kompaniyasi direktori Gurol Maxmut bilan uchrashuv o‘tkazilgan edi.
Izoh (0)