Bundan to‘rt yil avval O‘zbekiston prezidentining davlat boshqaruvi tizimida shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirishga qaratilgan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi.

Farmonga binoan barcha davlat organlari, jumladan Hisob palatasi, Markaziy bank, sud va prokuratura organlari tomonidan jamoatchilikka ochiqlanishi shart bo‘lgan 40 turdagi ma’lumotlar ro‘yxati tasdiqlangan. Shundan 18 turdagi ma’lumotlar har chorak yoki yillik yakunlar bo‘yicha davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida va Ochiq ma’lumotlar portalidan joy olishi lozim edi.
“Daryo” ushbu farmon ijrosi davlat byudjetining samarali sarflanishini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan Hisob palatasi tomonidan qanday bajarilayotganiga e’tibor qaratdi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida Hisob palatasi ochiqlik tamoyillariga nisbatan beparvolik bilan munosabatda bo‘layotgani aniqlandi.
Sayt deyarli yangilanmaydi
Tashkilot veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifa va kanallarni topish juda qiyin bo‘ldi. Aniqlanishicha, palata sayti https://ach.gov.uz/ manzilida faoliyat yuritayotgan ekan.
Sayt bilan tanishib chiqish davomida axborotlar juda kam yangilanishi aniqlandi. Masalan, xabarlar ruknidagi so‘nggi yangilik 12-avgust sanasida joylashtirilgan. Undan avvalgi xabarlar esa 4-avgust va 31-iyul kunlari chop etilgan. Har bir yangilanish orasida 5–8 kun, ayrim hollarda esa o‘n kundan ortiq tanaffus kuzatiladi. Bu esa fuqarolarning davlat organi faoliyatidan xabardor bo‘lish imkoniyatini cheklaydi.
Ochiq ma’lumotlar – faqat 1 chorak bilan cheklangan
Ochiq ma’lumotlar bo‘limida faqat 2025-yilning birinchi choragiga oid ma’lumotlar — ish reja, byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan xarajatlar, sarflangan mablag‘lar, shartnomalar va qabul qilingan tovarlar hamda xizmatlarga oid ma’lumotlar joylashtirilgan. Ammo 2-chorakka oid ma’lumotlar, shuningdek, 2024-yil va undan oldingi yillarga oid ochiq ma’lumotlar mavjud emas. Bu esa farmon talablari bajarilmayotganligidan darak beradi.

Davlat xaridlari bo‘yicha shaffoflik yetishmaydi
Saytda davlat xaridlari haqida ma’lumotlar berilgan bo‘lsa-da, ularning qanday tartibda amalga oshirilgani, xarid komissiya tarkibi, uning a’zolari va ichki tartib-taomillarni belgilovchi hujjatlar e’lon qilinmagan. Shuningdek, davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalar hisobiga rejalashtirilgan xaridlar 6 oy oldin e’lon qilinishi kerak bo‘lsa-da, amalda bu talab bajarilmaganini ko‘rish mumkin. Qonunchilikka ko‘ra, ushbu ma’lumotlar ham ochiq bo‘lishi shart. Bu esa davlat xaridlarida shaffoflik va raqobat muhitini ta’minlashga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Shuningdek, xarid jarayonlarida potensial manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya xavfini oshirishi mumkin.
Qolgan ma’lumotlar-chi?
Majburiy etib belgilangan boshqa muhim ma’lumotlar ham veb-saytda mavjud emas. Jumladan, tashkilot tasarrufidagi xizmat avtomototransportlari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar haqidagi, Jamoatchilik kengashi, fuqarolarning murojaatlari natijalari va murojaat kanallari haqidagi axborotlarning topishning iloji bo‘lmadi.
Jamoatchilik, ayniqsa ish izlovchilar uchun qiziq bo‘lgan tashkilotdagi bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar ham joylashtirilmagan.
Farmonning 2-bandiga ko‘ra, barcha davlat organlari har yili 1-martga qadar o‘z faoliyati bo‘yicha hisobot tayyorlab, rasmiy saytga joylashtirishi, 10-martga qadar esa hisobot muhokamasi o‘tkaziladigan joy va vaqt haqida jamoatchilikka xabar berishi shart. Shuningdek, 1-aprelga qadar matbuot anjumani tashkil etilishi lozim. Hisob palatasi bu talabni ham bajarmagan.

Sayt yangilanmoqda
Maqolani tayyorlash jarayonida Hisob palatasidan izoh olish uchun tashkilot axborot xizmatini izladik. Ammo bu joy ancha vaqtdan buyon vakant ekani ma’lum bo‘ldi. Palataning xalqaro aloqalar bo‘limi bosh inspektori Sardor Usmanovning aytishicha, tashkilotning rasmiy sayti tubdan yangilanmoqda. Eski sayt yopilgan va undagi ma’lumotlar yangisiga ko‘chirilmoqda.
“Sayt hali yakuniy ko‘rinishda emas. Bir hafta-o‘n kun ichida to‘liq ishga tushirib, yaxlit shaklga olib kelamiz. Shundan so‘ng har qanday savolga javob bera olamiz”, dedi Usmanov.
Ochiqlik va shaffoflik — davlat idoralari uchun ixtiyoriy emas, balki majburiy mezon hisoblanadi. Davlat mablag‘i sarflanishi, xaridlar tartibi, kadrlar siyosati va fuqarolar murojaatlari haqidagi ma’lumotlarni yashirish jamoatchilik ishonchini yo‘qotishi bilan birga, korrupsiya xavfini ham oshiradi.
Izoh (0)