Xitoy Xalq Respublikasi harbiy qudratni keskin oshirish bilan bir qatorda, yadro kuchlarining hajmi va salohiyatini ham izchil oshirishga kirishgan, deydi AQSH harbiylari va qurol nazorati bo‘yicha ekspertlar. Bu haqda Reuters agentligi yozdi.
Manbaga ko‘ra, AQSH Strategik qo‘mondonligi rahbari general Entoni Koton 2025-yilning mart oyida Kongressda Xitoy rahbari Si Szinpin 2027-yilga qadar Tayvanni egallashga tayyor bo‘lishi kerakligi haqidagi ko‘rsatma berganini bildirgan. Shuningdek, u Xitoyning quruqlikdan, havodan va dengizdan uchirilishi mumkin bo‘lgan yadro qurollarini yig‘ishni tezlashtirayotganini aytgan.
Qayd etilishicha, Xitoy 2023-yilda milliy mudofaa siyosatidagi “har qanday sharoitda ham birinchi bo‘lib yadro qurolidan foydalanmaslik” haqidagi uzoq yillik va’dasini yangilagan. Ya’ni endilikda Xitoy yadro quroliga ega bo‘lmagan davlatlarga qarshi yadro qurolidan foydalanmaslik yoki tahdid qilmaslik majburiyatini olgan.
Xitoy Mudofaa vazirligi xavotirlarga javoban: “Yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘lmaydi va u hech qachon boshlanmasligi kerak. Xitoy o‘zini mudofaa qilish yadro strategiyasiga amal qiladi va birinchi bo‘lib yadro qurolidan foydalanmaslik siyosatini yuritadi”, degan.

Pentagonning Xitoy harbiy qudrati haqidagi yillik hisobotida aytilishicha, Xitoy yadro qurolidan birinchi bo‘lib foydalanishni rad etsa-da, uning strategiyasi yadro kuchlari, boshqaruv va qo‘mondonlikka tahdid soladigan yoki yadro zarbasi ta’siriga tenglashadigan oddiy hujumlarga javoban birinchi bo‘lib yadro qurolidan foydalanishni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Pentagon 2024-yil oxirida e’lon qilingan hisobotida yozilishicha, Tayvandagi harbiy mag‘lubiyat kommunistik rejimning omon qolishiga jiddiy tahdid tug‘dirsa, Pekin yadro qurolidan birinchi bo‘lib foydalanishni ham ko‘rib chiqishi ehtimoldan xoli emas.
Xitoy Mudofaa vazirligi esa tabiiyki bunday hisobotlarga keskin e’tiroz bildiradi. Ular bunday ma’lumotlarni Xitoyni obro‘sizlantirish va xalqaro hamjamiyatni chalg‘itish uchun to‘qib chiqarilgan uydirma deb hisoblaydi.
Bulletin of the Atomic Scientists ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy boshqa barcha yadro quroliga ega davlatlarga qaraganda tezroq sur’atda o‘z zaxirasini kengaytirmoqda va taxminan 600 ta kallakka ega.
Tashkilot bayonotida aytilishicha, Xitoy taxminan 350 ta yangi raketa shaxtasini va bir nechta yangi mobil uchirish qurilmalari bazalarini qurmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi quruqlikda taxminan 712 ta raketa uchirgichga ega, biroq ularning barchasi yadro qurollari uchun mo‘ljallanmagan. Ulardan 462 tasi AQSHning kontinental hududiga yetib borishi mumkin bo‘lgan raketalarni uchira oladi.
Xitoy armiyasi uchirgichlarining ko‘pi qisqa masofali raketalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular mintaqaviy nishonlarga zarba berish uchun ishlatiladi. Biroq ko‘plab uchirgichlardan yadro hujumi uchun foydalanib bo‘lmaydi.
Pentagonning hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy armiyasi 2030-yilga kelib 1000 dan ortiq operativ yadro kallaklariga ega bo‘ladi. Chunki ular kichik quvvatli aniq zarba beruvchi raketalardan tortib, ko‘p megatonli portlash quvvatiga ega qit’alararo ballistik raketalar qurishni jadallik bilan tezlashtirmoqda.
Izoh (0)