Fanlar akademiyasining Tarix instituti direktori, tarixchi Azamat Ziyo “Davra” podkastida “Otamdan qolgan dalalar” filmi nega efirga uzatilmay qolganiga oydinlik kiritdi.

Uning aytishicha, o‘zbek xalqi mustaqillikka erishgach ham mustamlaka sovet davridagi kabi boshqaruvda yashagan va bu holat uzoq yillar davom etgan.
“Biz mustamlaka sovet davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday yashab keldik. Haliyam Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini paxta qulchiligidan qutqarganini ahamiyatini tushunib yetganimiz yo‘q. Yuz yil davomida paxtaga majburiy mehnat insonlarni savodsiz qildi, 9 oylik o‘qishining 5 oyini paxtada o‘tkazadigan butun bir savodsiz avlod paydo bo‘ldi. Xalq qanday chidagan ekan, deymanda”, deya qayd etdi tarixchi.
Azamat Ziyo, shuningdek, 1998-yilda filmning namoyishi va unga qo‘yilgan taqiq bilan bog‘liq holatlarni ham esladi.
“1998-yilda davlat maslahatchisi menga bugun O‘zbekfilmga boramiz, Shuhrat Abbosov To‘g‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar”ini sahnalashtiribdi. Shuni ko‘ramiz ikkalamiz deb aytdi. Men nima qilaman desam, Yur, sen tarixchisan, ikkalamiz ko‘ramiz dedi. Keyin bilsam buni rahbar aytgan, mening fikrimni bilmoqchi bo‘lgan ekan. Juda og‘ir o‘tdi ko‘rish. Buni berish kerak, dedim. Berildi. Juda katta taassurot uyg‘otdi, keyin to‘xtatildi”, dedi u.
Uning ta’kidlashicha, film milliy masala bahonasida efirdan olib tashlangan. Biroq buning asl sababi boshqa bo‘lgan.
“Men keyinroq filmni yana bir ko‘rib, sababini tushundim. Mustamlaka davridagi ahvol mustaqil bo‘lganimizdan keyin ham davom etgani uchun bu kino ko‘rsatilmadi. Milliy masala bahona bo‘ldi. Chunki o‘sha kolxoz, o‘sha paxta koloniyasi, o‘sha majburiy mehnat mustaqil bo‘lganimizdan keyin ham 25 yil qoldi. Mana sizga “Otamdan qolgan dalalar” kino asarining bizning telekanallarda ko‘rsatilmasligining bosh sababi”, — deya ta’kidlagan sobiq Prezident matbuot kotibi.
“Otamdan qolgan dalalar” filmi haqida ma’lumot
“Otamdan qolgan dalalar” — yozuvchi Tog‘ay Murodning shu nomdagi romani asosida suratga olingan kino asar bo‘lib, uni mashhur rejissyor Shuhrat Abbosov 1997-yilda yaratgan. Filmning syujeti XVIII–XIX asrlar o‘rtalaridagi tarixiy voqealarga, xususan, Qo‘qon xonligi va chor Rossiyasi davrida kechgan og‘ir ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga bag‘ishlangan. Unda oddiy dehqon Jamoliddinning oilasi bilan birga yashash tarzi, kurashlari va keyingi avlodning mushtarak sinovlari keng yoritiladi.
Film ilk namoyishida katta e’tibor qozongan. Tomoshabinlar uni iliq kutib olib, to‘rt soatlik asarni oxirigacha qiziqish bilan tomosha qilgan. Buxoroda o‘tkazilgan milliy kino festivalida film bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, ko‘plab kino tanqidchilari ham uni o‘zbek kinosidagi yirik tarixiy va dramatik asar sifatida e’tirof etgan.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay filmning namoyishi to‘xtatildi. Rasmiy manbalarda ta’kidlanishicha, film dastlab efirga chiqarilgan bo‘lsa-da, keyin “qora ro‘yxat”ga tushirilgan. Bu haqda turli tahlillar mavjud. Tarixchilar fikriga ko‘ra, filmning asosiy g‘oyasi mustamlakachilik davrida kechgan og‘ir ijtimoiy hayotni chuqur tasvirlab bergani tufayli u o‘sha davr sharoitida “noqulay” deb topilgan.
Bugungi kunda ham “Otamdan qolgan dalalar” o‘zbek kinosi tarixidagi eng muhim dramatik asarlardan biri sifatida baholanadi va u mustamlakachilik davri hamda o‘sha davrdagi odamlar hayotini haqqoniy aks ettirgan noyob kino asar sifatida tilga olinadi.
Izoh (0)