Internetda O‘zbekiston fuqarolarini haqoratlagan Yugay Valeriyga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Abdulloh” nomi bilan tanilgan, Toshkent viloyatida yashovchi 26 yoshli ushbu shaxs 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreya Respublikasida bo‘lib turgan vaqtida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadriyatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodga ko‘ra fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilib borgan.
U 24-mart kuni Abu Dabi—Samarqand reysi orqali O‘zbekistonga keltirilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangandi.
“Men Yugay Valeriy ijtimoiy tarmoqda xalqimizni haqorat qilganman. Men hammasini aktiv uchun qilgandim, tanilishim uchun qilgandim. Lekin bu narsaning hammasini tushunib yetib, juda qattiq pushaymonman. Hammadan chin qalbimdan kechirim so‘rayman. Juda qattiq pushaymonman. Iltimos, meni kechiringlar”, degan edi u qo‘lga olinganidan keyin.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudining hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi va 158-moddasi (O‘zbekiston prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Izoh (0)