Bugun, 20-avgust kuni O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni bajarishga oid farmoni eʼlon qilindi. Hujjatda kelgusi yillarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qator masalalar belgilangan.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlov
Farmonga ko‘ra, 2026–2027-yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, zarur moliyaviy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratish uchun jami 270 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Xususiy sektorga tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun jarimalar qo‘llash va undirishga 2027-yil 1-yanvarga qadar moratoriy eʼlon qilindi.
Bunda moratoriy davrida muddati o‘tgan debitor qarzdorlik holatlari bartaraf etilganda qo‘llanilgan jarimalar bekor qilinadi.

2026-yildan turizmni rivojlantirish dasturi joriy etilib, 2026–2028-yillarda kamida 5 ming gektar yer uchastkalari elektron onlayn auksionga chiqariladi.
2026–2028-yillarda tijorat banklari tomonidan barcha toifadagi korxonalarga mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatgacha 10 milliard so‘mdan 30 milliard so‘mgacha kredit beriladi. 2026-yil 1-yanvardan yangi mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini davlat byudjetidan qoplab berish tizimi mehmonxonani qo‘shimcha bino va inshootlar qurish orqali kengaytirish yoki mavjud bino va inshootlarning ixtisoslashishini mehmonxona faoliyatiga o‘zgartirishga ham tatbiq etiladi.
2026-yildan davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam miqdori hududda shakllangan ijara to‘lovining minimal bozor narxidan kelib chiqib belgilanadi. Davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berish muddati 3 yildan 5 yilgacha oshiriladi.
Soliq imtiyozlari
2026-yil 1-yanvardan aylanmadan olinadigan soliq to‘lovidan ilk marta QQS to‘lashga o‘tgan korxona bir yil davomida foyda solig‘idan ozod etiladi.
Tadbirkor bir yil ichida QQS to‘lovchisi sifatida soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibini buzganlik uchun jarimaga tortilmaydi.
Shu bilan birga, olti oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlanadi.
Kelasi yil 1-yanvardan soliq majburiyatlarini bajarishda proaktiv tartibi joriy etiladi. Jumladan, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hamda ijtimoiy soliq bo‘yicha soliq hisobotlarini shakllantirish vazifasi soliq organlariga o‘tkaziladi. Ushbu majburiyat soliq to‘lovchilar uchun bekor qilinadi.
Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotlariga soliq to‘lovchi tomonidan besh ish kuni ichida zarur tuzatishlarni kiritish va tuzatish kiritilgan soliq hisobotini taqdim etish huquqi beriladi.
Foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 milliard so‘mdan 20 milliard so‘mga oshiriladi.
2026-yil 1-yanvardan sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda mobil videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi. Mobil videokameradan foydalanmasdan o‘tkazilgan tekshiruvlar noqonuniy hisoblanadi.
Soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun maʼmuriy jarima miqdorini kichik korxonalar mansabdorlariga nisbatan BHMning 10 baravaridan 3 baravariga tushiriladi. Fuqarolar uchun BHMning 3 baravaridan 1 baravariga pasaytiriladi.
Izoh (0)