Rossiya Davlat dumasining sobiq deputati Magomed Gajiyev G‘arbga maxfiy ma’lumotlarni yetkazgani uchun AQSHdan kamida 45 million dollar olgan. Bu haqda Rossiya Bosh prokuraturasi ishi materiallariga tayanib, “RIA Novosti” agentligi xabar bermoqda.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Gajiyev Rossiyadan tashqarida bo‘lganida G‘arb maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan va buning evaziga unga chet el fuqaroligini berishni so‘ragan.
Gajiyev maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgani uchun AQSH hukumat tuzilmalaridan kamida 45 million dollar olgan.
Bungacha Bosh prokuratura sobiq deputatning 2 mlrd rubllik mulkini davlat foydasiga olib qo‘yishni talab qilgan. Qayd etilishicha, Gajiyevning Rossiya Federatsiyasi hududida tijorat ko‘chmas mulki, elita uy-joylari, shuningdek, Dog‘iston, Moskva va Moskva viloyatida yer uchastkalari qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Gajiyev Turkiya fuqaroligiga ega. AQSHda bank hisoblari bor va Fantom Foundation kriptovalyuta kompaniyasi bilan bog‘liq biznesga ega.
Magomed Gajiyev 2003-2021-yillarda Rossiya Davlat Dumasi deputati sifatida faoliyat yuritgan. 2023-yilda Rossiyadan chiqib ketgan. O‘shanda u Adliya vazirligi tomonidan xorijiy agentlar reyestriga kiritilgan. 2024-yil fevralidan buyon xalqaro qidiruvda hisoblanadi.
Izoh (0)