“Tolibon” harakati Mozori Sharifdagi Telekommunikatsiya maydonida joylashgan shoir va davlat arbobi Amir Alisher Navoiy haykalini butunlay vayron qildi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib “Amu” nashri xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, “Tolibon”ning bu harakati turk millatiga mansub bir qator o‘qituvchilar va siyosatchilarning qattiq g‘azabini keltirgan.
Ularning ta’kidlashicha, toliblar nafaqat boshqa etnik guruhlarning ma’naviy qadriyatlari va insoniyatning tarixiy yutuqlariga e’tibor bermayapti, balki mamlakatning madaniy va tarixiy o‘ziga xosligini yo‘q qilish va kamsitish bilan ham shug‘ullanmoqda.
“Tolibon” harakati ma`muriyati hozircha bu voqeaga izoh bermagan.
Ma`lum qilinishicha, Alisher Navoiy haykali taxminan 17 yil oldin Mozori Sharif shahar hokimligi tomonidan shaharning uchinchi tumanidagi telekommunikatsiya chorrahasida uning xotirasiga o‘rnatilgan edi.
Bundan oldin ushbu haykalga qisman zarar yetkazilgan edi.
Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxanovning ma`lum qilishicha, holat haqida ma’lum bo‘lishi bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izohlar olish maqsadida Afg‘oniston hukumati vakillari bilan tezkor ravishda bog‘langan.
“Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan.
Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan”, deyiladi munosabatda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Afg‘oniston hukumati vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga vaʼda bergan. Jumladan, hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid maʼlumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini maʼlum qilgan.
2023-yilda “Tolibon” Afg‘onistonning Balx viloyatida o‘rnatilgan Alisher Navoiy yodgorligini buzib tashlagandi.
Izoh (0)