Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari mamlakatda aralash jang san’atlari (MMA) musobaqalarini to‘xtatishga chaqirdi.
Bayonotni Tashiyev ijtimoiy tarmoqda jonli efir orqali qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, MMA yoshlarda muvaffaqiyatga erishish uchun mushtlashish, kuch ishlatish yoki zo‘ravonlik yetarli, degan noto‘g‘ri tushunchani shakllantiradi.
“Aralash jang san’ati – bu sport emas, balki urushning bir ko‘rinishi. Bunday musobaqalar yoshlarda zo‘ravonlik va agressiya bilan muvaffaqiyatga erishish mumkin degan noto‘g‘ri qarashni paydo qiladi. Biz ta’lim va ilm-fanga e’tibor qaratadigan avlodni tarbiyalashimiz kerak,” dedi Tashiyev.
Uning ta’kidlashicha, bu faoliyat nafaqat ma’naviy qadriyatlarga zarar yetkazadi, balki sog‘liq uchun ham xavfli. U ko‘plab MMA jangchilari 40 yoshga yetmasdan nogiron bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Tashiyev sportchilarni va MMA musobaqalariga tayyorlanayotgan yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, jismoniy rivojlanishga yordam beradigan Olimpiya sport turlariga o‘tishga chaqirdi.
U boshqa mamlakatlarda MMA’ning mashhurligi haqidagi bahonalarni rad etdi va Qirg‘iziston o‘z qadriyatlari va ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.
“Islomiy nuqtayi nazardan ham, bunday harakatlar noto‘g‘ri — bir-birini kaltaklash va mayib qilish qabul qilinmaydi,” dedi u.
Tashiyev Olimpiya qo‘mitasi, sport assotsiatsiyalari va Madaniyat va sport vazirligi huzuridagi sport bo‘limiga mamlakatda MMA’ni cheklash bo‘yicha qat’iy chora ko‘rishga chaqirdi.
Izoh (0)